Past Darg‘om tumani hokimi yuqori hosil olgan fermerlarga avtomobil va’da qildi

2019 yil paxta hosilidan yuqori natijalarga erishish – dolzarb masala. Bu borada Past Darg‘om tuman hokimligi ishni uyushqoqlik bilan tashkil etib, paxtadan yuqori hosil olgan fermer xo‘jalik raislariga mukofotlar taqdim etishni e’lon qildi.

Mukofotlash tartibi bo‘yicha fermer xo‘jaligi paxta maydoni 30 gektardan 50 gektargacha bo‘lgan eng yuqori hosildorlikka erishgan fermer xo‘jaligi raisiga «Nexia-3» 2-pozitsiyali LT avtomobili, paxta maydoni 50 gektardan 100 gektargacha bo‘lgan fermerlar o‘rtasida eng yuqori hosildorlikka erishgan fermer xo‘jaligi raisiga «Nexia-3» 3-pozitsiyali LTZA-T avtomobili, paxta maydoni 100 gektardan 200 gektargacha bo‘lgan fermerlar o‘rtasida eng yuqori hosildorlikka erishgan fermer xo‘jaligi raisiga «Lacetti-2» rusumli 1-pozitsiyali DC SX B3 avtomobili, paxta maydoni 200 gektardan ortiq bo‘lgan eng yuqori hosildorlikka erishgan fermer xo‘jaligi raisi uchun «Lacetti-2» 3-pozitsiyali BVD B3 A/T avtomobili berilishi belgilangan.

Shuningdek, tumandagi muqobil MTPlar o‘rtasida eng yuqori hosildorlikka erishib, birinchi o‘rinni olgan MMTP raisiga «Lacetti-2» 3-pozitsiyadagi BVD B3 A/T avtomobili, ikkinchi o‘rin sohibiga «Nexia-3» 3-pozitsiyali LTZA-T, «Nexia-3» 3-pozitsiyali LTZA-T, uchinchi o‘rinni olgan MMTP raisiga «SPARK» avtomobili bepul mukofot sifatida taqdim etilishi belgilandi.

Bundan tashqari, fermer xo‘jalik rahbarlarini pul mukofoti bilan taqdirlash bo‘yicha ham tuman hokimligining chora-tadbirlari ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, paxta maydoni 5 gektardan 20 gektargacha bo‘lib, belgilangan rejani birinchilar qatori bajargan fermer xo‘jalik raisi 3 mln.so‘m, 20 gektardan 50 gektargacha paxta maydoniga ega fermer xo‘jalik raisi 5 mln so‘m, 50 gektardan 100 gektargacha bo‘lgan maydon egasi 10 mln so‘m, 100 gektardan 200 gektargacha bo‘lgan fermer xo‘jaligi 15 mln. so‘m, 200 gektardan yuqori bo‘lgan xo‘jalik raisi esa 20 mln. so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Otabek ERGAShEV.