Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qo‘shrabotda davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi

Samarqand viloyatidagi olis Qo‘shrabot tumani davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda tuman hokimi H.Oqbo‘tayev, Davlat xizmatlari agentligi viloyati boshqarmasi boshlig‘i M.Qurbonov, keng jamoatchilik vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Mazkur markazning bunyodkorlik ishlari "Qo‘shrabot Trans stroy" mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan olib borilib, qurilish ishlariga davlat byudjetidan 3 milliard 800 million so‘m mablag‘ sarflandi.

Yangi inshootda adliya va FHDYo bo‘limlari, notarius va Bosh vazirning tadbirkorlar qabulxonasi, bolalar, tibbiyot, investorlar xonalari mavjud. Maskanda elektron navbat tizimi joriy etilgan va Xalq banki kassasi joylashtirilgan. Markaz bir vaqtning o‘zida 20 ta qabul oynasida murojaatchilarga xizmat ko‘rsata oladi. Zamon andazalariga mos ravishda jihozlangan binoda 6 ta monitorda 100 dan ortiq davlat xizmati turlari yuzasidan ma’lumotlar fuqarolarga taqdim etilgan.
Yangi binoning kirish qismida xizmatlar haqida to‘liq ma’lumot beruvchi INFOLAND o‘rnatilgan bo‘lib, unda davlat xizmatlari markazi tomonidan ko‘rsatiladigan xizmat nomlari va ularning QR-kodlari joylashtirilgan. Mobil telefonda QR-kodni skaner qilish hamda ilova orqali ushbu xizmat haqida to‘liq ma’lumot olish imkoniyati mavjud.

Investorlar uchun zarur bo‘lgan xizmat turlari esa rus va ingliz tillarida joylashtirilgan.

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.