Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Samarqand davlat universiteti xodimi 6000 dollar olayotganda “qo‘lga tushdi” xabariga SamDUning raddiyasi

Bugun, 3 iyul kuni Zarnews.uz saytida e’lon qilingan xabarda Samarqand viloyati davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar boshqarmalari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Samarqand davlat universiteti xodimi, 2020-2021 o‘quv yili uchun qabul komissiyasi a’zosi bo‘lgan katta o‘qituvchi bilan birgalikda ikki nafar abituriyentni universitetga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, 6000 AQSh dollari olayotgan vaqtda qo‘lga olinganligi aytilgan.

Samarqand davlat universiteti ma’muriyati va ko‘p sonli professor-o‘qituvchilari jamoasi ushbu xabarda ko‘rsatilgan ma’lumotlarni quyidagilarga ko‘ra rad etadi:

SamDU rektorining 2020 yil 13 iyundagi “2020-2021 o‘quv yili bo‘yicha qabul komissiyasi mas’ul kotibi va tarkibini tayinlash to‘g‘risida”gi 285-ij sonli buyrug‘iga ko‘ra, universitet qabul komissiyasida Call va maslahat markazi tuzilgan. Buyruqning 2-ilovasida xabarnomada “qabul komissiyasi a’zosi”, deb ko‘rsatilgan shaxs Call-markaziga san’atshunoslik fakultetidan a’zo sifatida biriktirilgan, xolos. U hech qanday qabul komissiyasi a’zosi emas.

Ushbu buyruqqa ko‘ra, Call-markazga quyidagi vazifalar yuklangan:
1. Abituriyentlar va ularning ota-onalarini qiziqtirgan savollarga nizom talablari asosida to‘g‘ri va tezkor javob qaytarish.
2. Call-markazga biriktirilgan telefonlarning uzluksiz ishlashini ta’minlash.
3. Call-markaz telefonlariga kelib tushgan har bir murojaatni qayd etish daftariga kiritib borish va boshqalar.

Yuqoridagilarga asosan, xabarda keltirilgan shaxs universitet qabul komissiyasi a’zosi emasligini to‘liq rad etishimiz mumkin.
Endi ikki og‘iz so‘z kirish imtihonlarida korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga qaratilgan ishlar xususida.

O‘tgan davr mobaynida Samarqand davlat universiteti ma’muriyati abituriyentlarni o‘qishga qabul qilishda ADOLAT tamoyilini o‘rnatish, shaffoflikni ta’minlash, ushbu jarayonda korrupsiyaviy holatlarga barham berish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga, Davlat test markaziga, viloyat prokuraturasiga o‘z takliflarini kiritdi va bular asosida bir qator ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2020-2021 o‘quv yili uchun qabulda fanlar majmuasiga o‘zgartirish kiritilib, ijodiy imtihonlari bor ta’lim yunalishlari soni qisqartirildi.
Masalan:
- “ijtimoiy ish” ta’lim yo‘nalishida mavjud bo‘lgan kasbiy (ijodiy) imtihon bekor qilindi. Endilikda ushbu ta’lim yo‘nalishini tanlagan abituriyentlar to‘liq test sinovlarini topshirib, o‘qishga kiradi;

- 2020-2021 o‘quv yilida abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish uchun Samarqand davlat universiteti bo‘yicha test sinovlari bilan birgalikda kasbiy (ijodiy) imtihon qabul qilinadigan “Madaniyat va san’at muassasalarini tashkil etish hamda boshqarish”, “Chaqiriqqacha harbiy tayyorgarlik” ta’lim yo‘nalishilari bo‘yicha qabul bekor kilingan. Mazkur ta’lim yo‘nalishlari mavjud bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarida ham kasbiy-ijodiy imtihonlar bekor qilinib, endilikda abituriyentlar faqat test sinovlari natijalariga ko‘ra talabalar safiga qabul qilinadilar;

- joriy yildan boshlab o‘qitish tojik tili bo‘lgan barcha ta’lim yo‘nalishlariga abituriyentlar to‘liq test sinovlari asosida qabul qilinadi.

Bundan tashqari, ijodiy imtihonlar asosida o‘qishga qabul qilinadigan ta’lim yo‘nalishlarining korrupsion jozibadorligini keskin kamaytirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tayanch oliy o‘quv yurtlar bilan hamkorlikda ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha fan dasturlarini soddalashtirish yuzasidan ishlar olib borilmoqda. Unga ko‘ra, abituriyent bir kunga kelib, imtihonni bir soatda topshirib ketadi.

2. Fan komissiyalari va a’zolarini tayinlash. Fan komissiyalari raisi va a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining alohida buyrug‘i bilan tayinlanadi. Bunda, ushbu oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari ijodiy imtihonlarni qabul qilishda mutlaqo ishtirok etmaydi. Ya’ni, Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilari va boshqa xodimlariga SamDUda alohida iqtidor asosida o‘qishga kirish imtihonlarini qabul qilishlariga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday imtihonlarni, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining buyrug‘iga asosan rais va a’zolari ishtirokidagi komissiyalar qabul qiladi.

Yana ta’kidlab aytmoqchiman, bu yilgi ijodiy imtihonlar, birinchidan, taxminan ikki barobar kamaygan. Ikkinchidan, ularni qabul qilish va tashkil qilishda jamoaning birorta vakili qatnashmaydi.

Oshkoralik va jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligiga katta e’tibor berilayotgan bugungi kunda kimlardir nimaningdir evaziga qaysidir OTMga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilaytgan ekan, bunday ish uning qo‘lidan kelmasligini, o‘zi esa ashaddiy firibgar ekanligini barcha bilishi kerak. Abituriyentlarimiz ularning bunday havoyi so‘zlariga uchmasdan, o‘z bilim va iqtidoriga ishonishlari lozimligini ta’kidlaymiz.

3. Kirish imtihonlariga keng jamoatchilik (mahalla, nuroniy jamg‘armalari va boshqa jamoatchilik tashkilotlari vakillari, deputatlar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar) vakillarining erkin qatnashishlari ta’minlanadi.

Shu o‘rinda, qonunchiligimizda belgilangan quyidagi huquqiy me’yorlarga diqqatingizni qaratmoqchimiz:
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi.

22-modda. Haqiqatni aniqlash.
“... Ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi kerak. Ishda yuzaga keladigan har qanday masalani hal qilishda ayblanuvchini yoki sudlanuvchini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan, shuningdek, uning javobgarligini ham yengillashtiradigan, ham og‘irlashtiradigan holatlar aniqlanishi va hisobga olinishi lozim”.

23-modda. Aybsizlik prezumpsiyasi.
“Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi...”.

Internet saytlarida ma’lumotlarni e’lon qilishdan oldin ushbu ma’lumotlar tegishli bo‘lgan muassasalardan avval aniqlik kiritib olinsa, undan so‘ng keng xalq ommasiga yetkazilsa, maqsadga muvofiq bo‘lishini eslatib o‘tamiz. Aks holda, bunday mas’uliyatsiz xabarlarni OAVlarda sud qaroridan oldin e’lon qilish va tarqatish jamiyatda ijtimoiy muhitni buzishdan boshqa narsa emas.

R.XOLMURODOV,
SamDU rektori.