Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahridagi 60 kilometrdan ziyod oqava suv tarmoqlarida qurilish ishlari bajarildi

Mamlakatimizda xorijiy hamkorlar bilan birgalikda shu paytgacha bir qator samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu borada Samarqand shahrining oqava tizimini rekonstruksiya qilish bo‘yicha Xalqaro taraqqiyot uyushmasi, Jahon banki loyihasi va mablag‘i asosida bir qator qurilish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Jumladan, 54,3 kilometr yangi oqava tarmog‘i va 5,6 kilometrlik tarmoqni qayta ta’mirlash, shahar oqava inshootini to‘liq rekonstruksiya qilish, uskunalarni zamonaviylashtirish, Farhod qo‘rg‘onidagi oqavani tozalash inshootini rekonstruksiya qilish, 3 ta oqava nasos stansiyasini qayta jihozlash belgilangan.

Hozirda bitta oqava suv tozalash inshooti, 60,2 kilometr oqava suv tarmoqlarida qurilish ishlari bajarildi. Loyiha bo‘yicha tejab qolingan mablag‘lar hisobidan Samarqand shahrida qo‘shimcha ravishda uchta “KNS” (suvni ko‘tarib berish) va 45 kilometr kanalizatsiya tarmoqlarini qurish va qayta ta’mirlash rejalashtirilgan.

Bitta oqava suv tozalash inshooti, 3 ta oqava suv nasos stansiyalarini qurish va ta’mirlash ishlari 2020 yilning iyun oyigacha tugatilishi ko‘zda tutilgan.

Hozirda ishlarni loyihalashtirish korxonasi aniqlanib, loyiha ishlari davom etmoqda. Mazkur loyihalar natijasida 80 mingdan ortiq aholi markazlashtirilgan kanalizatsiya xizmatlari bilan ta’minlanadi.

Ayni paytda Jahon banki vakillari yuqoridagi masalalar yuzasidan qilingan ishlarni ko‘zdan kechirmoqda.

“Suvoqava” DUK Samarqand shahar filiali axborot xizmati.