Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahridagi “Tungi klub” ish yurituvchisi ozodlikdan mahrum qilindi

Sudlanuvchi Latif G‘ulomov (ism, familiyalar o‘zgartirilgan) 1987 yil Samarqand shahrida tug‘ilgan. Shahardagi “Tungi klub”da ish yurituvchi bo‘lib ishlagan. Muqaddam 5 marta bezorilik sodir qilib, taraflarning o‘zaro yarashganligi sababli ish harakatdan tugatilgan.

2017 yil avgust oyida bezorilik qilgani, jabrlanuvchiga tan jarohati yetkazganligi uchun unga sud tomonidan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. 2018 yil oktyabr oyida sud tomonidan yana bir bor Latifga imkoniyat berilib, u o‘talmay qolgan ozodlikni cheklash jazosidan shartli ravishda ozod etilgan.

O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas, deganlaridek, L.G‘ulomov o‘ziga berilgan imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanmasdan, kerakli xulosa qilmasdan, yana bir bor qasddan jinoyatga qo‘l urdi...

Odatdagi kunlarning birida tungi klub oldida ikki fuqaro o‘rtasida janjal kelib chiqadi. Shu vaqtda ko‘chadan o‘tib ketayotgan Yaqub Shavkatov janjalni ko‘rib, o‘z fuqarolik burchini bajarish maqsadida mojaroni to‘xtatishga shoshiladi va fuqarolarni ajratadi. Shu vaqt L.G‘ulomov yugurib kelib, hech bir sababsiz Ya.Shavkatovni urib yiqitib, unga o‘rtacha og‘irlikdagi shikast yetkazadi.

Sud tomonidan L.G‘ulomovga berilgan imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanmagani, kerakli xulosa qilmasdan, yana bir bor qasddan jinoyatga qo‘l urganligi hamda o‘talmagan jazosi borligini inobatga olib, ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shohrux MIRZAAHMEDOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.