Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

San’atkor uchun to‘y ham sahna

To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda san’atkorlar (xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, so‘z ustasi, fotograf va boshqalar) qonun hujjatlariga muvofiq shartnoma asosida xizmat ko‘rsatadi. Ular faoliyatini litsenziyalash masalasida bir qator qulayliklar yaratilmoqda. Shuningdek, san’atkorlar endi 12 foiz daromad solig‘i to‘laydi.

To‘y-hashamlarni tartibga solish haqidagi Senat va Qonunchilik palatasining qo‘shma qarori ijrosini ta’minlash masalalariga bag‘ishlab viloyat hokimligida o‘tkazilgan tadbirda shu haqda so‘z bordi.

Unda “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi vakillari, viloyat madaniyat boshqarmasi, shahar va tuman madaniyat bo‘limlari xodimlari, san’atkorlar ishtirok etdi.

- To‘y ham san’atkor uchun sahna vazifasini o‘taydi, - deydi “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi konsert-tomoshalar faoliyatini litsenziyalash bo‘limi mutaxassisi E.Hakimov. – U xonanda bo‘ladimi, sozandami, raqqosami sahna madaniyati degan tushunchani his qilgan holda to‘y-marosimlarda xizmat qilishi talab etiladi. Keyingi vaqtlarda san’atkorlarimizni qiynab kelayotgan muammolar ham o‘rganilib, ular uchun yengilliklar yaratilmoqda. Jumladan, litsenziya uchun to‘lanadigan davlat boji 4 baravarga kamaytirildi.

Shuningdek, tadbirda san’atkorlar tomonidan to‘ylarda aytilayotgan qo‘shiqlarning saviyasiga e’tibor qaratish, jonli ijroda kuylay oladigan iste’dod egalarini izlab topish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

To‘lqin SIDDIQOV.