Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sobiq prokuratura tergovchisi oqlandi: S.Sobirov nega aybiga iqror bo‘lgan?

Yashirib nima qildik, ilgari bunday holatlarga ko‘nikib qolgandik. «Ushlab ketishdi»mi, kim bo‘lishidan qat’i nazar «kesilib» ketishi aniq edi. Navoiy viloyat prokuraturasining jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi katta tergovchisi lavozimida ishlagan S.Sobirov bilan ham shunday bo‘lgan.

«Ushlab ketishgach», 2011 yilning fevral oyida “Navbahor industrial” mas’uliyati cheklangan jamiyati mansabdor shaxslariga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi bo‘yicha jamiyat ta’sischisi Baxtiyor Ro‘ziyevdan jinoyat ishini harakatdan tugatib, o‘z vakolati doirasida unga yordam qilishi evaziga 300 AQSh dollarini pora sifatida olgan, deb ayb qo‘yilgan. S.Sobirov sud hukmiga ko‘ra 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. 

U muddatidan oldin ozodlikka chiqqach, aybi yo‘qligini, unga nisbatan oqlov hukmi chiqishini so‘rab sudga murojaat qilgan.

Aniqlanishicha, S.Sobirov 2009 yil aprel oyidan 2011 yil aprel oyigacha Navoiy viloyat prokuraturasi jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi katta tergovchisi lavozimida ishlagan. Ya’ni, u 2011 yil fevral oyida Navoiy viloyat prokuraturasi Iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tergovchisi lavozimida ishlamagan.

Shuningdek, jinoyat ishi hujjatlarida S.Sobirov tomonidan “Navbahor industrial” mas’uliyati cheklangan jamiyati mansabdor shaxslariga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlarini davom ettirganligini tasdiqlovchi dalillar yo‘q.

Bundan tashqari, jinoyat ishi hujjatlarida sudlanuvchining aybiga iqrorlik hamda B.Ro‘ziyevning S.Sobirovga pora berganlik haqidagi ko‘rsatuvlaridan tashqari, ayb e’lon qilishga asos bo‘lgan ob’yektiv dalillar shaxsni ayblash uchun pora predmetining olinishi, qonunlar bilan belgilangan tartibda pochta-telegraf va elektron jo‘natmalari, audio yoki videoyozuvlar, telefon yoki boshqa moslamalar orqali amalga oshirilgan so‘zlashuvlar aniqlanishi kabi aniq mezonlar bilan asoslantirilmagan.

Shunga qaramay birinchi bosqich sudi sudlanuvchining aybini tasdiqlovchi holatlar mavjudligi yoki mavjud emasligini sinchkovlik bilan har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqmasdan, S.Sobirovni aybli deb topib, barvaqt xulosaga kelgan.

Xo‘sh, S.Sobirov nega aybiga iqror bo‘lgan?

MXX xodimlari ichki ishlar idorasida ishlaydigan o‘g‘lini qamoqqa olish bilan qo‘rqitib, B.Ro‘ziyevdan olmagan pullarini olganligi haqida iqrornoma yozdirib olishgan.

Yuqoridagi asoslarga ko‘ra, kassatsiya instansiyasi jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining 2013 yil 10 iyundagi S.Sobirovga nisbatan chiqarilgan hukmi bekor qilindi.

Uning qilmishida jinoyat tarkibi mavjud emasligi sababli jinoyat ishi harakatdan tugatildi. Birinchi instansiya sudining ayblov hukmi bekor qilinib, S.Sobirov aybsiz deb topildi va oqlandi.

Endi S.Sobirov reabilitatsiya qilinishi munosabati bilan mulkiy, ma’naviy va boshqa ziyonni qoplash masalasida da’vo talabi bilan sudga murojaat qilishi mumkin.

T.QODIROV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudining sudyasi.