Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sud raislari sayyor qabulda 19 nafar shaxsni jazodan shartli ozod qilishdi

Viloyat sudlari raislari joriy yilning 30 avgust kuni Paxtachi va Narpay tumanlarida tadbirkorlik sub’yektlari vakillari hamda fuqarolar bilan uchrashuv, davra suhbati va sayyor qabullar o‘tkazdi.

Unda murojaatlarda ko‘tarilgan muammolarning yechimi yuzasidan tegishli huquqiy tushuntirishlar berilib, amaliy yordam ko‘rsatgan holda hal etilishi ta’minlandi.

Xususan, Paxtachi tumani Xalq qabulxonasida o‘tkazilgan sayyor qabulda viloyat sudlari raislariga 26 nafar fuqaro murojaat qilgan. Murojaat mualliflarining 20 nafariga huquqiy tushuntirishlar berilgan bo‘lsa, bir nafar fuqaroning apellyasiya tartibida berilgan shikoyati jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tuman sudi tomonidan qabul qilindi. Sayyor qabul davomida murojaatlarning 5 tasi joyida ijobiy hal qilindi.

Narpay tumani Xalq qabulxonasida o‘tkazilgan sayyor qabulda viloyat sudlari raislariga 13 nafar fuqaro murojaat qilgan. Sayyor qabul davomida 7 nafar fuqaroga murojaatlari bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirishlar berilgan. Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 6 tasi ijobiy hal qilingan.

Viloyat sudlari tomonidan tashkil etilgan sayyor sud majlislarida 19 nafar shaxslar, shundan 7 nafar ayollar tayinlangan jazodan shartli ozod qilingan.