Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tasmachidagi bozor ko‘rkam qiyofada zamonaviy xizmatlarni boshladi

 Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Navoiy viloyatining Xatirchi tumaniga tutash Tasmachi qishlog‘ida faoliyat olib borayotgan bozor - “Tasmachi MAT” mas’uliyati cheklangan jamiyati tadbirkor Gulmira Rizayeva tashabbusi bilan bugungi kun talablari darajasida qayta qurildi.

Majmuaning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi A.Bahromov va Xatirchi tumani hokimi G‘.Aliyev hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi va majmuada hudud aholisiga yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdi.

Majmuani qurilish-ta’mirlash ishlari uchun 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Avvalgidek betartibliklarga barham berilib, har bir mahsulot zamonaviy savdo rastalariga qo‘yib sotilishi ta’minlandi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish uchun 98 ta, oziq-ovqat mahsulotlari uchun 40 ta, nooziq-ovqat mahsulotlari uchun 50 ta, non mahsulotlari uchun 15 ta rasta yangidan tashkil etildi. Shuningdek, go‘sht va go‘sht mahsulotlari sotish uchun 12 ta savdo rastasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Endilikda hudud aholisi o‘z ehtiyojlari uchun zarur savdo-sotiq ishlarini ushbu shinam savdo majmuasida amalga oshiradi.

-  Tumanimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarni ko‘rib, odamning ko‘zi quvnaydi, - deydi Tasmachi qishlog‘ida yashovchi Ismatilla hoji Boymurodov. – Qishlog‘imizdagi ushbu bozorda avvallari shart-sharoitlar haminqadar edi. Bugun bu bozorning zamonaviyligi, xaridorlar uchun yaratilgan qulaylik barchamizni xushnud etmoqda. Hatto yo‘limizda arava ilgari bazo‘r yurar edi. Mana, hozir ravon qilib asfaltlandi. Aholiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib ezgu ishlarni amalga oshirayotgan hukumatimiz, tumanimiz rahbarlari, tadbirkorlardan minnatdormiz.

Jahongir SAFAROV.