Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yollanma usta uy egasining mol-mulkini o‘marib ketdi

Farrux o‘qish niyatida Samarqanddagi oliygohlardan biriga hujjat topshirdi. Shaharga kelib ijarada yashay boshlaydi. Test imtihonlaridan so‘ng, g‘alvir suvdan ko‘tarilgach, Farruxning talaba bo‘la olmagani ayon bo‘ldi. Shu bois, doimgi ishi - ustachiligini qilib yurdi.

Bir kuni u ijara uy izlab yurib Sodiq boboga yo‘liqdi.

- Bobo, ijaraga qo‘yadigan biror kishi yo‘qmi?  - dedi.

- Studentmisan? – dedi Sodiq bobo Farruxning yuziga tikilib.

- Yo‘q, yiqildim, bir-ikki haftaga joy kerak edi.

- Mana menikida tur, kunlik to‘laysan, arzongina, - dedi bobo. Farruxga ma’qul kelib bu yerga joylashdi. Yigitning uylarni ta’mirlaydigan ustaligi boboga juda yoqdi.

- Boshqa joydan ish izlab yurma, uyimni ta’mirlab bo‘lib, qolgan ishni boshlayver. Narxini keyinroq kelishamiz, - dedi u.

Farrux yarim oycha ishladi. Endi uyga ketishni mo‘ljallab boboga ketish niyatini bildirdi.

- Ish haqimni bersangiz, uyga ketsam, - dedi uy egasiga. Bobo Farrruxga 60 ming so‘m uzatdi.

- Bu kam emasmi? – dedi u. – Yana qo‘shing.

- Shuncha kun uyimda yashading, yeb-ichding. O‘shalarga qaytardim. Istasang shu yerda yashayver, - dedi bobo.

Farrux bu yo‘sinda bobodan pul olib bo‘lmasligini bilgach, xiyla ishlatdi. Sodiq boboning qaytib kelishiga ishontirdi. Unga tegishli trinajyor-velosipedini yangisini almashtirib berishga va’da berdi. Shu bilan birga 450 ming so‘m nafaqa pullarini hamda Turkiya davlatida ishlab chiqarilgan 8 dona kiyim-kechaklarini oldi.

Ketadigan kuni sahar payti bobo uxlab yotganidan foydalanib kir yuvish mashinasini oldi va uyni tark etdi.

Toshkentga ketadigan taksilardan biriga o‘margan narsalarini joylab, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Qo‘lga ilinganlarini sotib, pullarini o‘z ehtiyojlariga sarflab yubordi. Ammo, “Buzoqning yugurgani somonxonagacha”, deganlaridek, Farrux ham qilmishidan qochib qutulolmadi.

Sud hukmi bilan unga nisbatan 1 yilu 11 oy muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi. Shuningdek, jabrlanuvchiga yetkazilgan 3 million 110 ming so‘m moddiy zarar undirib beriladigan bo‘ldi.

Farhod Xudoyberdiyev,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Bulung‘ur tuman sudi raisi.