Davlat bojxona qo‘mitasiga o‘simlik yog‘i importi uchun 15 % miqdorida aksiz solig‘i stavkasini joriy qilish taklifi bildirildi

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasida Davlat bojxona qo‘mitasi raisi boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabulda boshqarma rahbariyatiga “Pet Agro Oil” MChJ qo‘shma korxonasi misolida ishlab chiqarish jarayonini joyiga chiqqan holda o‘rganish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tahlillarga asoslangan takliflarni DBQga yuborish yuzasidan topshiriq berilgan edi.

Kecha viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i D.Yusupov rahbarligida bojxona xodimlari Toyloq tumanida joylashgan o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi “Pet Agro Oil” MChJ qo‘shma korxonasida bo‘ldi.

Korxona tomonidan 2018-2019 yillarda o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish uchun xorijdan 87,6 ming tonna, qiymati 25,4 million AQSh dollariga teng bo‘lgan xomashyolar (kungaboqar urug‘i – 86,7 ming tonna, perlit kukuni - 240 tonna, oqartiruvchi tuproq - 300 tonna, kaustik soda - 120 tonna) import qilingani aniqlandi.

Ushbu import qilingan xom ashyolardan TIF TN kodi 1206009900 bo‘lgan kungaboqar urug‘i O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 yanvardagi PF-5303-son farmoni asosida bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan holda bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshirib kelingan bo‘lsa, TIF TN kodi 3802900000 bo‘lgan perlit kukuni va oqartiruvchi tuproq hamda TIF TN kodi 2815110000 bo‘lgan kaustik soda tovarlari qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lagan holda erkin muomalaga chiqarib kelingan.

Biroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 iyundagi PF-5755-son farmoni bilan 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab kungaboqar urug‘i import qilinganda qo‘shilgan qiymat solig‘idan nazarda tutilgan imtiyozlar bekor qilindi.

Natijada, korxona tomonidan 100 tonna o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish uchun ketgan xomashyolar bo‘yicha taqdim etilgan kalkulyasiyaga ko‘ra, 1 kilogramm o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish xarajatlari QQSni to‘lash boshlanganligi hisobiga 9 780,4 so‘mga yoki 1,03 AQSh dollariga to‘g‘ri kelmoqda.

Shuni ta’kidlash joizki, bugungi kunda TIF qatnashchilari tomonidan Qozog‘istondan import qilinayotgan o‘simlik yog‘ining bojxona qiymati har 1 kilogramm 0,65-0,80 AQSh dollaridan belgilanib, 15 % miqdorida QQS to‘lagan holda (boj – 0%, aksiz solig‘i – 0%) ichki bozorga 1 kilogramm 0,75-0,92 AQSh dollarlik tannarx bilan kirib kelmoqda.

Oqibatda “Pet Agro Oil” MChJ QK kabi mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘simlik yog‘lari importi bilan shug‘ullanayotgan TIF qatnashchilari bilan tannarx bo‘yicha raqobat qila olmay qolyapti.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 oktyabrdagi PQ-4470-son qarori bilan 2020 yil 1 yanvardan boshlab o‘simlik yog‘i importi uchun 5 % miqdorida bojxona boji (aksiz solig‘i – 0%) joriy qilinadi. Lekin ushbu mahsulot asosan Qozog‘iston va Rossiya davlatlaridan olib kelinganligi bois “Erkin savdo zonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi bitim qoidalariga muvofiq bojxona boji to‘lanmaydi.

Mazkur masalaning yechimini topish maqsadida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, import o‘rnini bosuvchi mahsulot yaratish quvvatlarini va yaratilgan ish o‘rinlarini saqlab qolish maqsadida 2020 yil 1 yanvardan e’tiboran o‘simlik yog‘i importi uchun 15 % miqdorida aksiz solig‘i stavkasini joriy qilish taklifi Davlat bojxona qo‘mitasiga yuborildi.

Albatta, joylarga chiqib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning faoliyati bilan yaqindan tanishib, ularning ishlab chiqarish jarayoniga to‘siq bo‘layotgan muammolarni o‘rganish va bartaraf etish maqsadida amaldagi qonunchilikka taklif kiritish iqtisodiyotimiz rivojiga ijobiy samara beradi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.