Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tarixning insoniyat saboq olmagan eng yirik fojiasi

Tarixni o‘rganish shuning uchun kerakki, biz undan saboq chiqarishimiz lozim.

Ikkinchi jahon urushi dahshatlarini eng qisqa tarzda bayon etadigan bo‘lsak, quyidagi raqamlar paydo bo‘ladi: bu urush dunyo bo‘yicha 37,2 million odamning yostig‘ini quritgan. Sobiq ittifoq davlatlaridan 26,5 million, Germaniya va uning ittifoqchilaridan esa 8 milliondan 13 milliongacha odam qurbon bo‘lgani aytiladi. Shuningdek, Polshadan 6 million, Yaponiyadan 3 million nafargacha odam halok bo‘lgan. Urush boshlangan davrda O‘zbekiston aholisi 6,5 million kishiga yaqin edi. Shundan 1,5 million kishi urushga safarbar qilingan. Qo‘lga qurol olib jang qilgan o‘zbekistonliklarning umumiy tarkibidan 538 ming kishi halok bo‘lgan, 158 ming 870 kishi bedarak yo‘qolgan, 60 ming 452 vatandoshimiz urushdan nogiron bo‘lib qaytgan. Urush dahshati mana shu.

Qarang, millionlab insonlarning yostig‘ini quritgan Ikkinchi jahon urushi tugaganiga sakson yil bo‘lyapti. Insoniyat bu urushda ko‘p narsa boy berdi. Undan olingan yagona narsa — saboq bo‘lishi kerak edi. Buni qarangki, jahon urushi yakuni deyilgan kun — 9 mayni eng muhim sana darajasida har yili jahonshumul ulkan tantanalar bilan nishonlaydigan davlatlarda bugun yana urush. Mojarolar turli nom bilan atalmasin, unda yana 100 minglab askarlar allaqachon jon berayotgani ko‘rinib turgan haqiqat. Taassufki, tarixdan xulosa chiqarilmagan ekan, qator davlatlarda har yili o‘tkazilgan 9 may tadbirlari tarixning achchiq kunlarini eslash emas, kuch-qudrat namoyishiga aylangan ekan.

Shular haqida o‘ylarkanman, 9 may sanasining nima sababdan “Xotira va qadrlash kuni” deb o‘zgartirilgani oydinlashadi. Toki, urush, unda qon kechganlar xotirasi hurmat qilinar, tirik qolganlar e’zozlanar ekan, mamlakatda hech kim urush tarafdori bo‘lmaydi. Chunki urush ishtirokchilarini qadrlash, bu, avvalo, urushga boshqa yo‘l qo‘ymaslikdir.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari yurtimizda sanoqli. Ular doimiy va har qachongidan ham ko‘proq e’zozda. Xususan, Kattaqo‘rg‘on tumanida ikki nafar urush qatnashchisi - Bog‘ot mahallasida 99 yoshli Rahmat bobo Qobilov va Tarnov mahallasida 99 yoshli Rayim bobo Yusupov istiqomat qiladi. Tumanga borganimizda bizga ming istihola bilan bu otaxonlarni hozir bezovta qilmay tursak yaxshi bo‘lardi, deyishdi. Sababi, keyingi kunlarda ko‘plab tashkilotlardan ularning xonadoniga mehmonlar borgan, sovg‘a-salomlar ulashilgan, suhbatlashilgan, xabar olingan... Xullas, ma’lum muddat dam olishlari lozimligini aytishdi. Bir tomondan, ko‘rishmaganimizdan biroz afsuslandik, ikkinchi tomondan, bugun bu faxriylar hammaning e’tiborida ekanidan xursand bo‘ldik. Mayli, o‘z vaqtida tinchlik uchun qo‘liga qurol ushlagan bu bobolarimiz har qancha e’zozga loyiq.

Shundan so‘ng arxivdan, OAV sahifalaridan, ushbu faxriylarning shu kungacha e’lon qilingan suhbatlarini qiziqib, o‘qib chiqdim. E’tibor bering, eng ko‘p nima haqda gapirishgan: “Urush bo‘lmasin!”.

Yaqinlari ham, tumandagi katta-kichik tashkilot vakillari ham urush qatnashchilaridan eng birinchi shu gapni eshitishlarini bildik. Urush ko‘rgan, qon kechgan odam uning dahshatini ham bizdan ko‘ra yaxshiroq anglashi shubhasiz.

Darvoqe, urush qatnashchisi Rahmat bobo Qobilovning o‘z xotiralaridan yaqindagina aytgan so‘zlari videolavhasini ko‘rib chiqdim: “1943 yil, uch oylik tayyorgarliklardan so‘ng meni Xarkov shahriga urushga tashlashdi... urushga kirishim mana shu shahardan boshlandi. Bu shaharni ozod qilishda hissamiz bo‘lgan”, deya og‘ir xotiralarini qiynalib so‘zlaydi bobo. Meni esa o‘y bosadi, yaxshiyamki bobo hozir ham Xarkov urush maydoniga aylanganini bilmaydi. Yo‘qsa, o‘z vaqtida 100 minglab o‘g‘lonlarning oqqan qoni bekor ketibdi, deb nadomat chekardi...

Albatta, siyosatchi yo ekspert emasman, bugungi mojarolarda qaysi tomon aybdor ekani haqda ham xulosa bermayman. Ayta olganim shuki, insoniyat o‘z boshidan kechirgan eng katta urushdan saboq chiqarmagan ekan! Urush bo‘lmasin, deya har kuni aytadigan bobolarimizga esa hurmatimiz cheksiz.

Anvar MUSTAFOQULOV.