1 iyundan haydovchilik guvohnomasi davlat xizmatlari markazlarida almashtiriladi
Jumladan, FHDYo organlariga tegishli bo‘lgan tug‘ilganlik, o‘limni qayd etish, arxiv hujjatlari, guvohnomalar berish, FHDYo dalolatnomasini tiklash, o‘zgartirish, tuzatish, qo‘shimchalar kiritish, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvini hisobga olish uskunasini o‘rnatish, yechish, qiyoslashga ariza topshirish va Toshkent davlat yuridik universitetiga hujjat topshirish kabi 31 turdagi yangi xizmatlar joriy etilmoqda.
Mazkur davlat xizmatlari joriy yilning 1 iyunidan e’tiboran sinov tariqasida, Past Darg‘om tuman davlat xizmatlari markazlarida ko‘rsatila boshlanadi. Xizmatlar sifati va tezkorligini ta’minlash uchun tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Shuningdek, Prezidentimizning 2018 yil 13 apreldagi farmoniga muvofiq, joriy yil 1 iyuldan boshlab fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining huquqni qo‘llash amaliyotini muvofiqlashtirish, faoliyatini metodik ta’minlash, "FHDYoning yagona elektron arxivi" axborot tizimini yuritish, uning hududiy arxivlariga rahbarlik bo‘yicha vazifalar Adliya vazirligi huzuridagi davlat xizmatlari agentligi zimmasiga yuklatilgan holda FHDYo organlari tuman (shahar)lar hokimiyatlari tasarrufiga o‘tkazilmoqda.
Haydovchilik guvohnomalarini yangi turdagi guvohnomalarga almashtirish hozirgacha Toshkent shahrining Mirobod, Yunusobod, Uchtepa va Shayhontohur tumanlaridagi davlat xizmatlari markazlarida amalga oshirilayotgan bo‘lsa, joriy yilning 1 iyunidan respublikamizning barcha viloyatlaridagi bittadan tumanda joriy etiladi. Viloyatimizda ham bu jarayonga qizg‘in tayyorgarlik boshlab yuborilgan. Ishlarning tizimli yo‘lga qo‘yilishi jismoniy va yuridik shaxslar sarsongarchiligining oldini olib, vaqtini tejashga xizmat qiladi.
Alisher PRIMOV,
davlat xizmatlari agentligi
viloyat boshqarmasi mas’ul xodimi.