1 sotix yerdan 10 million so‘m daromad olish mumkinmi?
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohasini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev Kattaqo‘rg‘on tumanida 2020 yil hosili uchun chigit ekish va qishloq xo‘jalik texnikalarining mavsumga tayyorgarligini ko‘zdan kechirdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, tumanda o‘tgan yildan boshlab sohani texnik va texnologik jihatdan modernizatsiya qilish, ilm-fan va innovatsion g‘oyalarni joriy etish borasida bir qator loyihalar amalga oshirildi. Soha rivoji uchun 19 ta zamonaviy pnevma seyalka, 32 ta kultivator, 10 ta haydov, 20 ta chopiq traktorlari olib kelinib, qishloq xo‘jalik texnikalarining 15-20 foizi yangilandi.
Joriy yilda ham Turkiya davlatidan 72 dona zamonaviy pnevma seyalkalari keltirildi, texnika parkini yangilash maqsadida 35 ta yuqori unumli traktor keltirildi. 2020 yilda 10 ming 974 gektar maydonda paxta yetishtirishni rejalashtirgan tuman dehqonlari bu yil to‘liq tuksizlantirilgan chigit ekmoqda.
Bosh vazir o‘rinbosari tumanda kam ta’minlangan oilalar uchun ajratilgan va qulupnay yetishtirilayotgan maydonni borib ko‘rdi. Yaqinda tumanda 15 gektardan ortiq maydonda Polshadan keltirilgan “Zinga-Zinga” navli qulupnay ekilib, har bir oilaga 30-35 sotixdan bo‘lib berildi.
Qirg‘iz mahallasi Navqi qishlog‘i aholisining tomorqadan foydalanish madaniyati, ularning ayni paytdagi yumushlari bilan tanishdi. Ushbu mahallada yashovchi aholi ham o‘z tomorqasida serhosil qulupnay yetishtirishni o‘zlashtirgan. Ular, bir sotix yerdagi mahalliy navli qulupnaydan 3 million so‘mgacha daromad olayotgan bo‘lsa, xorijdan keltirilgan yangi nav 10 million so‘mgacha daromad beradi. Mazkur hudud “Bir mahalla – bir mahsulot” tizimida qulupnay yetishtirishni rivojlantirib bormoqda.
Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi axborot xizmati.