2018 yilda Samarqandda aholi jon boshiga o‘rtacha umumiy daromad 7,7 million so‘mni tashkil etdi
Davlat statistika qo‘mitasi mamlakatimiz aholisining 2018 yildagi umumiy daromadlari ko‘rsatkichlarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, o‘tgan yilda aholining umumiy daromadlari 286,3 trillion so‘mni, bir kishiga o‘rtacha 8,7 million so‘mni tashkil etgan. Jon boshiga hisoblaganda aholi 7,3 million so‘m real daromad qilgan.
Iste’mol narxlarining o‘zgarishi sababli 2017 yilning mos davriga nisbatan aholining umumiy daromadlari real o‘sish sur’ati 10,3 foizni, aholi jon boshiga umumiy daromadlarining real o‘sish sur’ati 8,4 foizni ko‘rsatgan.
Aholi jon boshiga o‘rtacha umumiy daromadlari bo‘yicha respublika darajasida Samarqand viloyati 7,7 million so‘m bilan 9-o‘rinni band etgan. Yuqori ko‘rsatkichlar Toshkent shahri (16,2 million so‘m) hamda Navoiy (13,5 million so‘m), Buxoro (10,8 million so‘m), Xorazm (9,1 million so‘m) viloyatlarida qayd etilgan. Bu bo‘yicha quyi ko‘rsatkichlar Qoraqalpoqiston Respublikasi (6,3 million so‘m) va Namangan viloyati (6,8 million so‘m) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Aholi jon boshiga umumiy daromadlarning real o‘sish sur’atlari bo‘yicha Samarqand viloyati 8,5 foiz bilan 7-o‘rinda. Bu borada eng yuqori ko‘rsatkich Surxondaryo va Xorazm viloyatlariga (11,3 foiz) to‘g‘ri keladi.
Hududlarning aholi umumiy daromadlari tarkibida mehnat faoliyatidan olingan daromadlarning (yollanib ishlovchilarning ish haqi va mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar) eng yuqori ulushi Navoiy (84,2 foiz) viloyatida kuzatilgan. Samarqand viloyatida (68,1 foiz) o‘rtacha respublika darajasidan past ko‘rsatkichni tashkil etdi.
2018 yilda mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlarning nominal o‘sish sur’ati 26,0 foizni tashkil etdi. Aholi umumiy daromadlari hajmida ushbu daromad manbai katta ahamiyatga ega bo‘lib, uning ulushi 44,8 foizni tashkil etdi. Hududlarda mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlarning ulushi turlicha va 17,4 foizdan (Toshkent shahrida) 61,7 foizgacha (Jizzax viloyatida) o‘zgarib turadi. Mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlarning hudud aholi umumiy daromadlari tarkibidagi 50 foizdan yuqori ulushi Buxoro (52,2 foiz), Surxondaryo (52,0 foiz), Andijon va Sirdaryo (50,5 foiz) hamda Samarqand viloyatlarida (50,3 foiz) kuzatildi.