2021 yilda Samarqandning 15 ta tuman va shaharida 116 ta ko‘p qavatli uy quriladi
2020 yilda viloyatda “Qishloq qurilish invest” tomonidan 474 ta, “O‘zshahar qurilish invest” tomonidan 240 ta, yangi tartib asosida 1700 ta, jami 2414 ta uy-joy qurildi.
Bu haqda viloyat bosh arxitektori Hayot Mirzayev viloyatda qurilish va obodonlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi brifingda ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi mchj viloyat filiali tomonidan uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalar uchun 232 ta, mehnat migrantlari uchun 61 ta, alohida namuna ko‘rsatgan yosh oilalar uchun 35 ta, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollar uchun 56 ta uy qurilgan. Mudofaa vazirligining harbiy xizmatchilari uchun 45 ta, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari uchun 15 ta va ichki ishlar organlari xodimlari uchun 30 ta uy-joylar qurib, foydalanishga topshirilgan.
Joriy yilda esa davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanidagi "Yangi O‘zbekiston" massivida barpo etilgan uylar namunasi asosida yangi tartibga asosan viloyatimizning 15 ta tuman va shaharlarida 1 pod’yezdli 5 qavatli jami 116 ta 2 320 xonadondan iborat uy-joylar qurish rejalashtirilgan.
Kelgusida mazkur tanlangan massivlarni kompleks rivojlantirib, ularda ijtimoiy soha va bozor infratuzilmasi ob’yektlari hamda yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ega bo‘lgan yirik turar-joy massivlariga aylantirish orqali urbanizatsiya jarayonlarini amalga oshirish, mavjud imkoniyatlardan kelib chiqqan holda massivlarni kengaytirish bo‘yicha loyiha takliflari ishlab chiqildi.
Bunga ko‘ra, 9 ta tumandagi massivlar bosh rejasida 20 tadan kam bo‘lmagan (Past Darg‘om tumani Furqat mahallasida 27 ta, Jomboy tumani Uzunovul mahallasida 46 ta, Ishtixon tumani Ko‘tarma mahallasida 94 ta, Bulung‘ur tumani G‘o‘bdin mahallasida 173 ta, Nurobod tumani Navro‘z mahallasida 60 ta, Qo‘shrabot tumani Buloqboshi mahallasida 51 ta, Payariq tumani Go‘zal mahallasida 96 ta, Samarqand tumani Gulobod mahallasida 28 ta va Urgut tumani Mergancha mahallasida 57 ta) uylarni joylashtirish rejalashtirildi.
Shuningdek, “Agromir building” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 14 ta 1652 xonadonli 12,16 va 25 qavatli uylar qurilishi boshlangan.