21 yoshli yigit bir odamni belkurak bilan urib, o‘ldirib qo‘ydi

Joriy yilning 30 may kuni soat 12:00 larda Toshkent viloyati Zangiota tumani, Bo‘zsuv qo‘rg‘oni, Madaniyat ko‘chasida 38 yoshli X.B. 21 yoshli B.N. bilan o‘zaro og‘zaki kelishmovchilik oqibatida janjallashib qoladi. B.N. uyidagi belkurak bilan X.B. tanasining yuz va oyoq qismiga bir necha marotaba urib, tan jarohati yetkazgan.

Oqibatda X.B. olgan tan jarohatlari bilan tuman tez tibbiy yordam bo‘limiga olib borilgan. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy muolajaga qaramay, u vafot etgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, hodisa joyini ko‘zdan kechirish jarayonida X.B. xonadonidan, hovlisining yer qismidan qon dog‘lariga o‘xshash moddalar, bir dona belkurak, bir dona oq-ko‘k rangli qon dog‘lariga o‘xshash moddalar bo‘lgan erkaklar futbolkasi dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan Zangiota tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (odam o‘limiga olib kelgan qasddan badanga og‘ir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, B.N. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan va protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.