30 yil davomida o‘rmonda yashiringan askar

U urush tugaganidan bexabar edi.

«Menga har qanday holatda ham partizan urushini olib borish to‘g‘risida buyruq berilgan edi», dedi Xiroo Onoda o‘limidan oldin.

Yaponiya imperatorlik armiyasining sobiq kichik leytenanti Xiroo Onoda 2014 yilda Tokioda 91 yoshida vafot etdi. U ikkinchi Jahon urushining tugashiga ishonishdan bosh tortgani va qasamyodiga sodiq qolgani, Filippinning Lubang orolidagi o‘rmonda 29 yil yashirinib yurgani bilan mashhur bo‘ldi.

1974 yilda orolga ataylab urush tugashi to‘g‘risidagi imperator imzolagan buyruq olib kelingandan so‘ng Onoda qurolini tashlashga rozi bo‘ldi va Yaponiyaga qaytib keldi. Mamlakat samurayni qahramon sifatida kutib oldi.

 Buyruq muhokama qilinmaydi

Ikkinchi Jahon urushi nihoyasiga yetayotgani va Amerika kuchlari barqaror ravishda shimol tomon ilgarilab borayotgan bir paytda leytenant Onoda Lubang oroli qurshovida qoldi.

Bag‘oyat mushkul vaziyatda qolishiga qaramay, yosh ofitser qasamyodiga sodiq qoldi va o‘ttiz yil davomida taslim bo‘lishni rad etdi.

Har bir yapon askari jon berishga tayyor edi, lekin men razvedka xodimi edim va har qanday holatda partizanlar urushini olib borish to‘g‘risidagi buyrug‘im bor edi, - tan oldi Onoda 2010 yilda AVS telekanaliga bergan intervyusida. – Agar men buyruqni bajara olmasam, vijdon azobida qolgan bo‘lardim.

Onoda qo‘l ostida uch askar bo‘lardi. Ulardan biri 1950 yilda dushman tomonga taslim bo‘ldi, ikkinchisi vafot etdi, uchinchisi esa 1972 yilda mahalliy aholi bilan vaqti-vaqti bilan bo‘lib turadigan to‘qnashuvlarning birida vafot etdi.

Onodaning o‘ziga ham taslim bo‘lish taklif qilingan, biroq u qurolni tashlashdan qat’iyan bosh tortgan.

Keyinchalik, u o‘ziga yuborilgan Yaponiya parlament a’zolarini fitnachi va o‘rmondan chiqib ketish taklifi yozilgan varaqalar dushman tashviqoti deb o‘ylaganini tan oldi.

«Ushbu varaqalarda ko‘p xatoliklar bo‘lardi va men yozuvlarni amerikaliklar yozayotganiga amin edim», - dedi u.

Sharafli kapitulyasiya

Ehtimol, Xiroo Onoda hukumat Filippinga uchib ketishni va shaxsan buyruq berishni so‘ragan o‘zining sobiq qo‘mondoni bo‘lmaganida o‘z urushidan qaytib kelmagan bo‘lardi. 1974 yilning mart oyida u deyarli 30 yildan beri eskirgan va yamalgan harbiy kiyimida Yaponiya bayrog‘iga salyut berib jang qilichini Filippin Prezidentiga topshirdi, shu bilan uning urushi shu yerda nihoyasiga yetdi.

Filippin hukumati Lubang aholisining noroziligiga qaramay, uni avf etdi, axir Onoda  partizan urushini olib borib to‘qnashuvlarda 30 kishini o‘ldirgan edi.

Urush tugaganidan so‘ng ko‘plab yapon askarlari jang tugaganiga ishonmay, o‘rmonni  tark etishdan bo‘sh tortgan bo‘lsada, Onodaning urushi eng uzoq davom etgandi.

1974 yilning dekabrida Indoneziyaning Morotay orolida tasodifan Yaponiya armiyasining yana bir askari Teruo Nakamura topildi. U ham  o‘z qo‘mondoni buyrug‘ini kutib, hech kim bilan jang qilmasdan batamom yolg‘izlikda ushbu yerlarda tinchgina ekin yetishtirgan. Nakamura asli Tayvanlik bo‘lib, u o‘z vataniga qaytarilgan.

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.