Bu urush O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmadi. 1941 yilda O‘zbekiston aholisi 6,5 million edi. 1,5 milliondan ortiq yurtdoshimiz urushga safarbar etilgan. Ulardan 500 mingdan ziyodi halok bo‘lgan, 263 mingdan ko‘pi bedarak yo‘qolgan, 659 mingga yaqin vatandoshimiz uyiga qaytmagan, 640 mingdan ziyodi nogiron bo‘lib qoldi.
Front va front ortida o‘zbekistonlik mard o‘g‘lonlar haqiqiy qahramonlik ko‘rsatgan. Xususan, Stalingrad mudofaasini yorib, dushman ustidan muhim g‘alaba qo‘lga kiritilishida ko‘rsatgan jasorati uchun 2 ming 733 o‘zbekistonlik jangchi “Stalingrad mudofaasi uchun” medaliga sazovor bo‘ldi. 1941 yil dekabrda Moskva mudofasida ham o‘zbeklar qahramonlik ko‘rsatgan. Toshkent piyoda askarlari harbiy maktabining 180 kursanti Panfilov diviziyasi old saflarida edi. G‘ulom Abdukarimov Moskva yaqinidagi janglarda Panfilov diviziyasining tibbiy batalon bosh jarrohi bo‘lgan. 1941 yil 17-18 noyabrdagi og‘ir mudofaa janglarida u 120 askarni operatsiya qilib, hayotini saqlab qoldi. Unga do‘sti Zarif Ibragimov yordam berdi. Panfilov diviziyasi tarkibida Mamadali Madaminov, Abdulla Tog‘ayev va boshqa ko‘plab o‘zbeklar jang qilgan.
1944-1945 yillarda Belarus, Ukraina, Moldova, Boltiqbo‘yi respublikalari va Rossiyaning g‘arbiy viloyatlarida faoliyat ko‘rsatgan o‘zbek jangchilari faoliyati Ikkinchi jahon urushi tarixi sahifalariga bitilgan bo‘lib, ularning nomlariyoq dushman ko‘ngliga qo‘rquv solgan edi. Bular orasida M.Topiboldiyev, J.Otaboyev, I.Musayev, A.Hakimov, I.Qosimov va boshqalarning mardlik namunalarini ta’kidlash mumkin.
Tarixda qayd etilishicha, Mamadali Topivoldiyev nomini eshitsa nemis askarlarning yuragi zirillagan. 1941 yil noyabrda M.Topivoldiyev quroldoshlari bilan fashistlar bosib olgan Borisov shahri chekkasidagi harbiy lagerdan 146 asirni ozod qiladi. Har bir operatsiyadan keyin Topivoldiyev daraxtlarga o‘zining “Kazbek” nomli laqabini xanjar bilan o‘yib yozar va shu bilan nemislarni qo‘rqitib, o‘z izini qoldirardi.
M.Topivoldiyev yolg‘iz o‘zi dushman kazarmalarini vayron qilgan, 5 harbiy esholonni portlatgan, 76 fashist askarini va 1 nemis generalini qo‘lga olgan. Adolf Gitler Kazbekning boshi uchun 50 ming marka (hozirgi kunda taxminan 825 ming AQSh dollari) miqdorida mukofot va’da qiladi. Ammo Kazbekni hech kim qo‘lga ololmagan.
Olti yil muttasil davom etgan urush barcha mamlakatlarni holdan toydirdi. Eng yangi modeldagi harbiy samolyotlar, tanklar, raketalar ishlab chiqarish shoshilinch o‘zlashtirildi. Oqibatda aholining qorni to‘ymas, non, oziq-ovqat, kiyim-kechak yetishmasdi. Va nihoyat, 1945 yil 1 may kuni Berlin taslim bo‘ldi. So‘nggi janglar Praga yonida 9 may kuni yuz berdi. 8 mayda esa Germaniya, 2 sentyabrda Yaponiya taslim bo‘lish haqidagi hujjatni imzoladi.
...AQSh 1945 yil 6 avgustda mag‘lub Yaponiyaning Xirosima, 9 avgustda Nagasaki shaharlariga atom bombasini tashladi. Aslida bu SSSRga po‘pisa edi. Sababi Germaniyani mag‘lub etgan SSSR armiyasi Yevropaga katta xavf solardi. O‘z navbatida SSSR ham 1949 yili atom bombasini, keyinroq neytron bombasini portlatib, G‘arbni esankiratib qo‘ydi. Saksoninchi yillarda dunyodagi barcha atom qurollari bir yo‘la portlatilsa, Yer yuzi bir necha bor yakson bo‘lishi, kurramiz o‘z o‘qidan chiqib ketishi mumkin edi.
Urushda sho‘rolar yengdi. Yaponiya atom hujumidan xonavayron bo‘ldi. Sho‘rolar Germaniyadagi qo‘lga ilinadigan barcha narsalarni olib ketdi. O‘sha vaqtlar ikki mamlakat taqdiri ayanchli tus olgan edi. Qarang, endi bu ikki mamlakat jahonda eng taraqqiy etgan mamlakatlar ichida 2-3 o‘rinni egallab, xalqining turmush darajasini yuksaklarga chiqarib qo‘ydi.
Naim OBLOMURODOV,
tarix fanlari doktori, professor.
***
Bugun ushbu maqola muallifi Naim Oblomurodovning tavallud topgan kuni.
Tarixchi olim bugun qutlug‘ 70 yoshini qarshiladi.
Urgut tumanida tavallud topgan Naim aka yetmishga yoshga kirib ham bolalik va yoshlikdagi ko‘plab fazilatlarini yo‘qotgani yo‘q. Aksincha, boshqalarga bir suhbatdayoq ibrat ko‘rsata oladigan siyratga erishdi.
Olim sifatida N.Oblomurodovning mavqei shundaki, avvalo shogirdlari u kishi yozgan darsliku qo‘llanmalardan foydalanmoqda. Eng nufuzli konferensiyalarda domlaning ma’ruzalari ko‘pchilik e’tiborini tortmoqda. Tajribali hamkasblari olim haqida doimo hurmat bilan gapiradi. Ayniqsa, O‘zbekiston tarixiga oid xulosalari ko‘pchilik tomonidan e’tirof etilmoqda.
- Naim akaga qo‘shni qishloqdanman, xalq tilida aytganda “angorimiz bir” - deydi viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Himmat Oqbo‘tayev. - Maktabdaligimda u kishining ilmga chanqoq, o‘tkir zakovatli ekanligi haqida sinfdoshlaridan ko‘p eshitganman. Bundan tashqari, maktablar o‘rtasidagi turli tadbirlar, qishloqlar o‘rtasidagi sport musobaqalarda Naim akaning harakatlariga havas qilganmiz. Nafaqat muallimlar, hatto ayrim oqsoqollar ham “quyiqishloqlik bu yigit bir kuni albatta katta odam bo‘ladi” derdi.
Darhaqiqat, shunday bo‘ldi. Bugun Naim Oblomurodov tarbiyada ham, ilmda ham o‘z o‘rnini topdi. Salohiyatli, ziyoli, fidoyi murabbiy, sabrli olim, bir so‘z bilan aytganda, chinakam ma’rifatparvar inson sifatida shakllandi.
Biz qutlug‘ yoshini nishonlayotgan olimga mustahkam sog‘liq, tarix tilsimlarini ochishda ijodiy parvoz tilaymiz.