Mayxo‘rlik tufayli boy berilgan urushlar
Insoniyat tarixida xalqlar va davlatlar o‘rtasida tinimsiz urushlar sodir bo‘lib kelgan. Kimdir g‘alaba nashidasini surgan, kimdir esa alamli mag‘lubiyatga uchragan. G‘olib bo‘lganlar qahramonga aylangan, ular haqida kitoblar yozilgan, filmlar sur’atga olingan.
Yengilganlar, odatda qo‘shinining yoki sarkardaning zaifligi, sotqinlik, ba’zida shunchaki, omadsizlik tufayli mag‘lubiyatga uchragan. Biroq tarixda shunday alamli mag‘lubiyatlar ham bo‘lganki, ushbu omadsizlikning sababi mayxo‘rlikdir.
Gallar tomonidan Rimning zabt etilishi
Milloddan avvalgi 390 yilda Gallar Rim qo‘shinini yengdi. Mag‘lub bo‘lgan Rim qo‘shinining omon qolgan bo‘linmalari ikkiga bo‘lindi. Bo‘linmaning birinchisi Veyi shahriga chekindi, ikkinchi qismi Kapitoliy tepaligiga joylashdi.
Rim shahriga kirgan Gallar qo‘lga kiritilgan g‘alaba sharafiga o‘lkan ziyofat uyushtirdi, mayxo‘rlik avjiga chiqdi. Oqibatda Gallarning barcha sarkarda va askarlari mast bo‘lib qoldi. Bundan rim qo‘shinining tajribali sarkardasi Kamill zudlik bilan foydalanib qoldi. Yarim tunda Gallar mast bo‘lib uxlab qolishganda rimliklar hujum uyushtirdi. Hech narsani tushinmay qolgan sarxush Gallar hech qanday qarshilik ko‘rsata olishmadi. Rimning zabt etilishi, sharobni sevuvchi Gallar uchun qaqshatqich mag‘lubiyat bilan yakunlandi.
Majburiy sarxushlik
Qadimdan bir xalq yangi hududlarni zabt etishga harakat qilgan bo‘lsa, ikkinchisi bosqinchilardan himoyalangan. Urushning asosiy mohiyati ham shunda va bu “an’ana” asrlar davomida davom etib kelmoqda.
Milloddan avvalgi VI asrda Vizantiya va Slavyan qabilalari o‘rtasida hudud talashuv to‘qnashuvlari sodir bo‘lib turardi. Shunday to‘qnashuvlarning birida vizantiyaliklar, slavyanlar hududida adashib qoldi. Mazkur hududda ichimlik suvi yo‘q edi. Suv zaxiralari tugagach, Vizantiya askarlariga tashnalikdan vafot etmasliklari uchun suvning o‘rniga zaxiradagi sharobni ichish buyurildi. Oradan to‘rt kun o‘tib, vizantiyaliklar kichik daryoga duch kelishdi. Tashna askarlar o‘zlarini suv tomon urdi. To‘rt kundan buyon sharob ichib, hayot saqlayotgan askarlarning barchasi sarxush edi va jang qilishga umuman qodirmasdi.
Bu vaqtda slavyan askarlari daryo qirg‘og‘idagi pistirmada hujumga shaylanib turishgandi. Slavyanlarning shiddatli hujumi vizantiyaliklarni shoshirib qo‘ydi. Jang juda tez yakunlandi. Sarxush dushmanlarni Slavyanlar, ortiqcha yo‘qotishlarsiz yengdilar.
“Pyani” (mastlar) daryosidagi qirg‘in
Mazkur voqea 1377 yilda sodir bo‘lgan. Rus knyazlari mo‘g‘ullarning hujumi haqida xabar topishdi. Dushman qo‘shinini “Pyani” (mastlar) daryosi qirg‘og‘ida kutib olish qarori qabul qilindi. Rus drujinalari (birlashgan qo‘shin) belgilangan joyda uzoq kutdi. Biroq dushmandan darak yo‘q edi. Uzoq kutishdan bezor bo‘lgan ruslar ogohlikni yo‘qotdi: qurol aslahalarini yechdi va mayxo‘rlik qila boshladi. Tarixiy manbaalarda ta’kidlanishicha, qo‘shin tarkibidagi barcha mast bo‘lgan va bazmu-jamshid uyushtirgan. Oxir-oqibat barcha knyazlar va sarkardalar sarxush askarlarni qoldirib, ovga ketishgan. Mas’uliyatsizlik har doim ayanchli yakunlangan, ayniqsa, urush vaqtida. “Pyani” daryosi qirg‘og‘ida ham shunday bo‘ldi.
Mo‘g‘ul qo‘shini sarxush jangchilarni yakson qildi. Rus knyazlari daryoga g‘arq qilindi, deyarli barcha askarlar qirib yuborildi yoki daryoga cho‘ktirildi.
O‘zini o‘zi yo‘q qilish
1788 yilda Avstriya armiyasi bilan sodir bo‘lgan voqeani jang, deb atab bo‘lmaydi. Jangda har doim qarama-qarshi tomonlar bo‘ladi. Lekin mazkur xolatda Avstriya qo‘shini shunchaki, o‘zini o‘zi yo‘q qilgan.
Avstro-turk urushi vaqtida Ruminiyaning Karansebesh shaharchasi yonida jang bo‘lishi kutilayotgan edi. Imperator Iosif II boshchiligidagi Avstriya qo‘shini jang bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan joyga turklardan birinchi yetib keldi. Qo‘shinning suvoriy askarlari lo‘lilarni uchratib qolishdi. Suvoriylar paytdan foydalanib, lo‘lilardan bir necha bochka sharob xarid qilishdi.
Birozdan so‘ng qo‘shinning sekin yurar piyoda askarlari yetib keldi va piyodalar suvoriy askarlardan xarid qilingan sharobdan o‘z ulushlarini talab qildilar. Suvoriylar ularga rad javobini berdilar va mayxo‘rlikni o‘zlari davom ettirishdi. Piyodalar sharobni kuch bilan olib qo‘yishga xarakat qildi. Biroq jasur suvoriy jangchilar ularga qarshilik ko‘rsatdi. Oqibatda mushtlashuv avjiga chiqdi.
Turklar bilan jang bo‘lishi kerak bo‘lgan maydonga birin-ketin ko‘p millatli qo‘shinning boshqa bo‘linmalari ham yetib kela boshladi. Askarlar bir-birlarining tilini tushinmasligi vaziyatni jiddiylashtirib yubordi. Birinchilardan bo‘lib yetib kelgan bo‘linmalar to‘qnashuv suvoriylar va piyodalar o‘rtasida kechayotganini tushungan bo‘lsa-da, keyin yetib kelgan bo‘linmalar nima bo‘layotganini tushunolmasdan qoldi. Keyingi kelgan bo‘linmalar turklar bilan jang qilayapmiz, deb o‘ylab o‘t ochdi.
Kun qoraygani vaziyatni yanada chigallashtirib yubordi. Ular kim bilan jang qilayotganini tushunib bo‘lmasdi. Oxir-oqibat, tomonlarning biri chekina boshladi, qo‘li baland kelgan tomon ularni ta’qib etdi. Keyin artilleriya ishga tushdi, osmonda zambarak o‘qlari ucha boshladi. Chekinayotgan tomon daryo ustidan o‘tgan ko‘prik tomon qochdi. Eski ko‘prik qochoqlar bilan birga daryoga qulab tushdi. Aqldan ozgan askarlarni ajratmoqchi bo‘lgan imperatorning halok bo‘lishiga bir bahya qoldi. Tongda turklar bilan jang bo‘lishi kerak bo‘lgan maydonda hech kim yo‘q, Avstriya qo‘shini har tomonga tarqab ketgan edi. Jang maydonida 10 ming askarnig jasadi yotardi.
Turk qo‘shini oradan ikki kun o‘tib, jang maydoniga yetib keldi. Ular dushmanlarining jonsiz askarlarini ko‘rib, nima bo‘lganini tushunolmasdan hayratda qoldilar.
Bekzod MUSURMONOV tarjimasi.