Olti viloyat aholisining Toshkent shahriga kirib-chiqishini ta’minlovchi Samarqand postlarida 24 mart, seshanba kuni, soat 06:00 dan boshlab harakat to‘xtatilgan. Bu haqda «Daryo» muxbiri Farhod Norbo‘tayev xabar bermoqda.
Samarqand IIB YHXB axborot xizmatining aniqlik kiritishicha, mazkur taqiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Xorazm, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyati aholisi uchun bo‘lib, koronavirus infeksiyasi kirib kelishining oldini olish, aholini himoyalash maqsadida o‘tkazilmoqda.
«Viloyat hududidagi beshta yo‘l-patrul xizmati maskanida YPX inspektorlari aholiga holat bo‘yicha tushuncha berib, ularni uyiga qaytarmoqda. Faqatgina Samarqand viloyatidan boshqa viloyatlarda yashovchi fuqarolarga doimiy yashash manzillariga yetib olishlari uchun ruxsat berilgan. Yuk tashuvchi va tranzit avtomobillari mazkur cheklovlardan mustasno.
Samarqand viloyat IIB, YHXB shuningdek, hamkor tashkilotlar bilan tashkil etilgan ushbu cheklovda viloyat Sanitariya epidimologiya osoyishtalik markazi xodimlari viloyatga kirib kelayotgan va mazkur hududni tark etayotgan avtomobillarni dezinfeksiya qilmoqda.
«Bugungi vaziyatdan kelib chiqib o‘rnatilgan tartib-qoidalarga amal qilib, taqiqlarni to‘g‘ri tushungan va bu bilan xavfli virus tarqalishining oldini olishga o‘z hissasini qo‘shayotgan fuqarolarimizga minnatdorchiligimizni bildiryapmiz. Barcha yo‘lovchi va haydovchilarga sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilishini, virusga qarshi maxsus himoya niqob taqib olishini tavsiya qilyapmiz», — deydi viloyat IIB YHXB matbuot xizmati katta inspektori Xurshid Safarov.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 24 mart kuni soat 00:01 dan boshlab Toshkent shahrini viloyatlar bilan bog‘lovchi «Erkin» yo‘l-patrul xizmati maskani ham yopilgandi.