951 nafar tadbirkor Bosh vazir qabulxonasiga murojaat qildi

Joriy yilning 1 sentyabr holatiga samarqandlik 950 dan ziyod tadbirkor Bosh vazirning viloyatdagi qabulxonasiga o‘z faoliyatidagi muammolar yuzasidan murojaat qilgan, deyildi xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 65-sessiyasida.

Ushbu murojaatlarning 663 tasi hal etildi, 288 tasi ko‘rib chiqilmoqda.

Murojaatlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, ularning 385 tasi bank va kredit, 180 tasi yer ajratish va qurilishga ruxsat berish, qolganlari turli masalalarda bo‘lgan.

Qabulxona tadbirkorlar muammosini o‘rganish davomida ular ayrim holatlarda byurokratik to‘siqlar, ortiqcha sansalorliklarga uchrayotganini aniqlagan. Shu hamda murojaatlarning ijro muddatlari buzilishi va yuzaki ko‘rib chiqish holatlari yuzasidan mutasaddi rahbar va xodimlarga tegishli chora ko‘rish bo‘yicha taqdimnoma kiritilgan.