Afg‘onistonda “Tolibon” terrorchilik harakati hujumi oqibatida kamida 22 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘ldi
Afg‘oniston shimolida joylashgan Lagman viloyatida “Tolibon” terrorchilik harakati (O‘zbekistonda taqiqlangan) jangarilari bilan yuz bergan to‘qnashuv oqibatida kamida 22 nafar Afg‘oniston armiyasining harbiy xizmatchilari halok bo‘ldi, 6 nafar harbiy jarohatlandi. Bu haqda mamlakatning markaziy Tolo News telekanali viloyat kengashi vakili Gulzara Neyazi taqdim etgan ma’lumotga tayanib xabar berdi.
Gulzara Neyazining so‘zlariga ko‘ra, to‘qnashuv 10 maydan 11 mayga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Tolibonlar Alishing hududida joylashgan nazorat postiga hujum uyushtirishgan. To‘qnashuv vaqtida terrorchilar tomonidan bir necha o‘nlab Afg‘oniston qurolli kuchlariga tegishli bo‘lgan transport vositalari yo‘q qilingan. Shu bilan birga 9 nafar harbiy xizmatchi tolibonlar qo‘liga asir tushgan.
Biroq shu bilan bir qatorda, Afg‘oniston Mudofaa vazirligi hujum oqibatida olti nafar harbiy halok bo‘lganligi va besh nafar harbiy jarohatlanganligi to‘g‘risida ma’lum qildi. Shuningdek, vazirlik tomonidan harbiylarning uyushtirilgan hujumni muvaffaqiyatli qaytargani va Tolibonlar katta yo‘qotishlarga uchragani haqida xabar berildi.