Ahmadjon Bobojonov qanday qilib "Kovid-markaz"ga rahbar bo‘lganini aytib berdi

Samarqandliklar yaxshi xabardor, koronavirusga chalinganlarni davolash uchun shaharda tashkil etilgan "Kovid-markaz"ga ketma-ket ikki yil davomida tajribali shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi, Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ahmadjon Bobojonov rahbarlik qildi.

Bobojonov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shaharda aholi salomatligini mustahkamlash uchun olib borilgan ishlar haqida ma’lumot berish barobarida koronavirusni davolashda o‘tgan yil hamda bu yilgi farqli va umumiy jihatlar, murakkabliklar ma’lum qilindi.

- O‘tgan yili koronavirusga chalinganlarni davolash uchun tashkil qilingan taqsimlash markazi olti oy faoliyat yuritgan bo‘lsa, bu yil uch oy yetarli bo‘ldi. Bu birinchi navbatda vaksinatsiya natijasi. 2021 yil markazga kelganlarning aksariyati vaksina olmagan yoki vaksinatsiyaning barcha bosqichlaridan o‘tmagan aholi bo‘ldi.

Ammo afsuski, hamon aholi orasida vaksinaga ishonmagan, unga befarq qarayotganlar uchrab turibdi.
Aytishim kerakki, koronavirus hamon oramizda yuribdi, garchi davolash tartiblari mukammallashib borayotgan bo‘lsa-da, ammo e’tiborsizlik, sog‘lom turmush tarziga amal qilmaslik kabilar bu xastalikni og‘irroq o‘tkazishga sabab bo‘lmoqda. Bu yil ham o‘tgan yilgidagi singari davolash jarayoni kasallik belgilariga qarab o‘zgarib, takomillashib bordi, dori-darmonlardan tortib, oziq-ovqatgacha hammasi bepul tarzda davlat tomonidan ajratildi.

Ayni kunlarda taqsimlash markazi yopilgan bo‘lsa-da, Samarqand shahridagi Uzoq lagerda joylashgan 175 o‘rinli shifoxonada og‘ir ahvoldagi bemorlar davolanishi yo‘lga qo‘yilgan, - dedi A.Bobojonov.

"Kovid-markaz"ga rahbar bo‘lib kelish jarayoni haqidagi savolga Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi rahbari quyidagicha javob berdi:

- To‘g‘risi, o‘tgan yili pandemiya boshlanishida odamlar orasidagi vahima shifokorlar o‘rtasida ham bo‘lgan. Avvaliga, barcha o‘zi uchun qo‘rqib qolgandi. Men ham garchi rahbar bo‘lsam-da, birinchi navbatda barcha insonlar qatori oddiy odamman. O‘tgan yili turmush o‘rtog‘im ikkimiz kasallikni boshimizdan o‘tkazdik. Rafiqam koma holatida qolganda, juda qattiq xavotirga tushdik, ta’sirlandik. Shukrki, rafiqam sog‘ayib, holati yaxshilandi. Shunday kunlarning birida shaharda taqsimlash markazi ochilishi haqida topshiriq bo‘ldi. Unga meni rahbar etib tayinlashi haqida aytishdi. O‘zim yaqindagina shu xastalikni boshimdan o‘tkazganim uchun, biroz xavotirga tushdim. Ammo vrachlik majburiyatimni bajarishim kerak, qolaversa turmush o‘rtog‘im og‘ir holatdan sog‘ayib ketgani uchun, ehtimol buyam Yaratganning bir marhamati, deb qabul qilib, buning evaziga odamlarga yaxshilik qilishim kerak, degan to‘xtamga keldim va rozi bo‘ldim.

Eslatib o‘tishni joiz deb bilaman, o‘sha paytlar hali "Kovid-markaz"da ishlaydigan shifokorlarga qo‘shimcha moddiy rag‘batlar belgilanmagan, shifokor, hamshiralarni bu markazga jalb qilish ancha murakkab jarayondagi paytlar edi. O‘nlab kasallarga bitta shifokor qaragan vaziyatlar ham bo‘lgan. Keyinchalik, davlatimiz tomonidan katta miqdordagi moddiy rag‘bat ajratilgach, shifokorlarni tanlab olish imkoni paydo bo‘ldi, qaysidir ma’noda qiyinchiliklar ortda qoldi.

Men bu markazni boshqargandan, minglab odamlarga yordam berish imkoniyati paydo bo‘lgandan shukur qilaman, to‘g‘risi.

Gulruh MO‘MINOVA.