“Ahmoq ketmon chopadi”... Dehqonni ham, uning ketmonini ham haqorat qilmang, ko‘zingizga zarari bor!
Germaniyada hosilni ko‘paytirishga intilmaslik, aksincha, mahsulot ko‘payib ketishining oldini olish bilan bog‘liq maqolam bosilgach, qolaversa, ushbu sayt – Zarnews.uz da shu yil 7 sentyabr kuni berilgan «Chetdan keltirilgan kartoshka urug‘i sifatsiz chiqdi, zararni kim to‘laydi?» maqolasini o‘qigach, shu holatlar bilan bog‘liq ayrim voqealarni esladim.
Avvalo, sarlavhadagi satrlar - pulni pul topishi, ya’ni pulga pulni urishtirib pul topish illati haqida ikki og‘iz. Bu biznes emas. Uning turlari ko‘p. Lekin men bilgan lobbistlik usuli ham shunga kiradi. Lobbist - birovning, balki butun bir jamiyatning manfaati uchun pul xarajat qilib, boshqa birovning zarariga nopok ish qilish degani. Yaxshiyamki, bu toifa odamlar emas, ketmon chopadiganlar ko‘p. Aks holda insoniyat ochlikdan qirilib ketgan bo‘lardi.
Kartoshka, iste’molda bug‘doydan keyingi ikkinchi o‘rinda turadi. O‘zbekiston o‘zini iste’mol qiladigan kartoshka bilan ta’minlashi mumkin, agar dehqon sifatli urug‘ bilan ta’minlansa. Kartoshka urug‘chiligining muammosi bor. Chunki O‘zbekiston iqlimi bu ekinga issiqlik qiladi. Shu bois kartoshka navlari tez ayniydi. Demak, dehqonni har yili yangi, sara urug‘lik bilan ta’minlab turish lozim. Kartoshkachilikda jahon seleksiyasi va urug‘chiligi ancha rivojlanib ketgan bir vaqtda bu soha O‘zbekistonda rivojlanmadi. Shu sabab urug‘lik kartoshka hamon chetdan keltirilmoqda.
O‘tgan asrning 90-yillari boshlaridanoq kartoshka urug‘ligi importini kimlardir yo‘lga qo‘ydi va Gollandiyadan urug‘lik keltirila boshlandi. Nopok ishlar (urug‘lik deb oddiy iste’mol qilinadigan kartoshka olib kelib ham) tufayli dehqonlar chuv tushdi, mehnatiga kuydi, ancha-muncha odamlar, rahbarlar qamaldi.
Yaqinda bir tumanda faoliyat yuritayotgan fermer menga qo‘ng‘iroq qilib, «Tumanga kelgan 1200 tonna urug‘lik kartoshkadan menga ham 15 million so‘mga sotib olishga majbur qilishdi. Bu urug‘lik mening yer maydonimda ham, boshqalarnikida ham unib chiqmadi. Bankdan 15 million so‘m kredit rasmiylashtirganman, foizi bilan qaytarishim kerak. Nima qilishni bilmay o‘tiribman?», deb qoldi. Kim biladi 1200 tonna kartoshkani olib kelgan kishi javobgar bo‘ladimi, yo‘qmi? Lekin uning puli fermerlardan allaqachon undirilgani bor gap.
Agar o‘z vaqtida lobbistlar va ularning hamtovoqlari O‘zbekistonda harom-harish ishlar qilmaganida hozirga kelib, bu masala o‘z yechimini topgan bo‘lardi. Buni bejiz aytmayapman.
Bundan yigirma yillar avval tender komissiyasida qaysi davlat va qaysi firmalardan urug‘lik kartoshka sotib olish masalasi muhokama qilinayotgandi. Asosiy ma’ruzachi kamina, davlat sinovi natijalaridan kelib chiqib takliflar kiritishim kerak. Ancha vaqt ushbu masala bilan shug‘ullanib, aniq tahlil, xulosalar yig‘dim. Shu paytgacha faqat Gollandiya firmalari tenderda yutib chiqishar, ammo boshqa davlatlarning firmalari ham yaxshi takliflar bilan ishtirok etayotgan edi. Masalan, Germaniya urug‘lik kartoshka sotish bilan chegaralanib qolmasdan, buni O‘zbekistonning o‘zida yetishtirish tashabbusini ko‘tarib chiqdi. Ular seleksiya ishlarini olib boradigan yopiq laboratoriyalarning eshiklarini bizlarga ochib ko‘rsatishgandi. Seleksiya ishlari dalada emas, probirkalarda olib borilar ekan, fan ularda shu darajada rivojlangan. Urug‘chilikni shu asosda O‘zbekistonda tashkil qilmoqchi ekanini inobatga olib, Germaniyadan ham o‘sha yil umumiy hajmining 10 foizi miqdorida urug‘lik kartoshka olib kelish va urug‘lik yetishtirishni O‘zbekistonning o‘zida ham boshlashni taklif qildim. Tenderda mening fikrim, albatta hal qiluvchi rol o‘ynardi. Lekin shu payt nimadir sodir bo‘ldi-yu, tenderga ertasi kuni soat 10:00 gacha tanaffus e’lon qilindi. Tenderda Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, boshqa vazirlik va tashkilotlardan ham vakillar ishtirok etayotgandi. Hamma yelka qisib chiqib ketishdi. Men ham nima bo‘lganiga tushunmay ishxonamga ketdim.
Ish vaqti tugashi bilan ikki nafar golland xonamga kirib keldi. Ularni avvaldan tanirdim, rus tilida gapiradi. Katta yoshdagi, vazmin kishilar. Stol ustiga diplomat qo‘ydi-da:
- Janob Ziyatov, bu sizga! Iltimosimiz shuki, Gollandiya firmalaridan tashqari boshqalar O‘zbekiston bozoriga kirishini xohlamaymiz. Biz bu bozorni 10 yildan buyon egallab kelamiz. Ertangi tenderda shu taklifimizni inobatga olishingizni so‘raymiz”, dedi.
Ketayotib, diplomatga ishora qilib “Bu yerda uch yuz, ertaga ertalab javobiga kelamiz”, deb javobimni ham kutmasdan chiqib ketishdi.
Odatda ishda kech qolib ishlaydigan odatim bor edi. Ammo ish ko‘nglimga sig‘madi. Diplomatni seyfga soldim-da uyga ketdim. Diplomatni olib qolish, ya’ni fursatdan foydalanib qolish istagi Xudo haqqi xayolimdan o‘tgan emas. Aksincha, shunaqa nopok biznesga la’nat o‘qib, uxlamay, kechasi bilan to‘lg‘anib chiqdim. Xayolimga qing‘ir fikrlar ham kelmabdi, bu o‘yin bo‘lsa-chi, deb. Shuncha pulni qoldirib kelganimdan tashvishga ham tushmabman. O‘zimga o‘zim hozirgacha ham hayron qolaman o‘shanda qo‘rqmaganimga.
Ertalab ishga kelsam, ular ham oldinma-ketin kirib kelishdi. Men esa birozdan so‘ng tenderga ketishim kerak. Seyfni ochib, ularga diplomatini qaytib berdim, aniqrog‘i, stolga qo‘ydim. Javobim shu edi. Ular bilan gaplashgim kelmadi. Ular esa avvalgidan ham xotirjam edilar:
- Janob Ziyatov, sizdagi prinsipiallikni hurmat qilamiz, - dedi ulardan biri. - Lekin vaziyatni sizga tushuntirmoqchimiz. Har qanday sharoitda ham O‘zbekiston bozoriga hech kimni kiritmaymiz. Bu qat’iy fikrimiz, bizlar bu yerda lobbist rolini o‘ynayotirmiz, xolos. Bu Yevropada qonunga zid emas, firmalar, ularning manfaatini himoya qilishimiz uchun bizlarga pul beradi. Tushuning, bu biznes, siz ham shu biznes ichidasiz”, dedi-da yon cho‘ntagidan chek olib stolga qo‘ydi va boshqa qog‘ozga 1 million raqamini yozib, “Xohlasangiz, shu summaga chek yozib beraman yoki jentelmenchasiga kelishamiz. Boshqa davlatda schyot ochib, shu pulni schyotingizga tushiramiz. Bizni tushuning, rostdan ham sizni hurmat qilamiz.
- Men bu ishni qila olmayman, bir umr vijdonim qiynalishini istamayman. Kelisholmadik sizlar bilan, uzr, xayr, - deb o‘rnimdan turdim.
Ular avval «Afsus, janob Ziyatov», deya bosh chayqashdi. So‘ng «Tenderga borib yurmang, u qoldirildi”, deb chiqib ketishdi.
Haqiqatan ham tender o‘sha kuni ham, undan keyingi kunlar ham o‘tkazilmadi. Afsuski, u paytlar hukumat qarorlarini ham pisand qilmaydigan kuchlar bor edi, ular juda yuqori lavozimda edi. Ularni O‘zbekistonning kartoshkachilikdagi muammosi mutlaqo qiziqtirmasdi.
Rosti, hozir yurtimizda kartoshka seleksiyasi, urug‘chiligida nima o‘zgarish, yangiliklar bo‘layotganidan xabarsizman. Agar menga qo‘ng‘iroq qilgan fermerning gapiga ishonadigan bo‘lsak, deyarli hech narsa o‘zgarmagan.
Xulosa sifatida aytmoqchimanki, bundan yigirma yillar avval meva, uzum, sabzavot, poliz, kartoshka mahsulotlari ishlab chiqarish 3 million tonnadan oshmasdi. Hozir esa 20 million tonnadan ko‘p. Bu mahsulotlar uzoq-uzoq davlatlarga eksport qilinmoqda. Bu borada kartoshkachilikda ham natijalarga erishish qiyin emas. Faqat tarmoqda halollik, seleksiya ishlariga e’tibor, rag‘bat bo‘lsa bo‘lgani.
Darvoqe, yuqoridagi sarlavhaga chiqarilgan satrlar muallifiga aytmoqchimanki, dehqonning qadoq qo‘llari bilan va u ushlagan ketmonning zarbidan yurtimizda sizning qorningizni to‘ydiradigan, kiyintiradigan mahsulotlar yaratilmoqda. Dehqonni ham, uning ketmonini ham haqorat qilmang, ko‘zingizga zarari bor!
Zoyir ZIYoTOV.