Aholi karantin qoidalariga qat’iy rioya qilmas ekan, “qizil” hududdan chiqishimiz shuncha sekinlashadi

Samarqandda koronavirusga chalinib, tuzalayotganlar soni kundan-kunga oshib bormoqda. Ammo kasallikka chalinish holati ham hozircha to‘liq tugatilgani yo‘q. Xo‘sh ayni paytda viloyatda qancha aholi karantinga olingan? Kasallikning aholi orasida chiqayotganiga nimalar sabab bo‘lmoqda?

-  Ayni kunlarda Samarqand viloyatda 2359 nafar fuqarolar karantinga olingan bo‘lib, ularning 1273 nafari uy sharoitida, 1086 nafari statsionar sharoitda karantin muddatini o‘tamoqda, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi koronavirusga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish shtabi boshlig‘i Abdulla Abiyev. - To‘g‘ri, xastalikka chalingan bemorlar tuzalishi ko‘rsatkichi kundan-kunga oshib borayotir. Ammo virus yuqtirish holati to‘xtagani yo‘q.

Afsuski, Samarqand hozirga qadar qizil hudud sifatida qolmoqda, kasallik aniqlanishi kuzatilyapti. Buning asosiy sababi, aholi orasida karantin qoidalariga rioya etmaslik holatlarining ko‘pligidadir. Shu sabab zanjir uzilmayapti. Shu o‘rinda aholidan karantin qoidalariga qat’iy rioya qilishlarini yana bir bor so‘raymiz. Aks holda qizil hududdan chiqishimiz muddati uzayib boraveradi. Buni har bir fuqaro tushunib, shunga ko‘ra ish tutishi lozim.