Aqlli shahar nimasi bilan farqlanadi?
“Smart city” - aqlli shahar degani. Uning bunday nomlanishiga sabab eng so‘nggi innovatsion texnologiyalardan andaza olinganidir. Bunda barcha komponentlar o‘z o‘rnida bir-biri bilan uzviy va chambarchas bog‘liq bo‘lib, hudud videokuzatuv orqali to‘liq qo‘riqlanadi va yagona boshqaruv markazidan boshqariladi. Shaharchaga kirishda qo‘riqlash xizmati faoliyat ko‘rsatadi va doimiy kuzatuv kameralari o‘rnatiladi.
Bu haqda viloyat qurilish bosh boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun Samarqand shahridagi “Humo Smart city” aqlli shahar turar joy maskani bo‘ylab tashkil etilgan press-turda batafsil ma’lumot berildi.
Dastlab 10 mingdan ortiq aholi yashashga mo‘ljallangan aqlli shaharning qurilish ishlari ko‘zdan kechirildi.
- 2019 yilning noyabr oyida “Humo Smart city” yuqori qulaylikdagi zamonaviy aqlli shaharcha qurilishini boshladik, - deydi “Nurli kelajak ishonch servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Akbarali Qayumov. - “Humo Smart city”ning qurilishi uch bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqich 2022 yil mart oyida, ikkinchi bosqich 2022 yil sentyabr oyida va uchinchi bosqich 2023 yilning uchinchi choragida nihoyasiga yetkaziladi.
Ayni vaqtda mazkur loyihaning birinchi bosqichi bo‘yicha qurilish ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. Bugungi kungacha 384 ta xonadonni o‘z ichiga olgan 8 ta sakkiz qavatli turar joy binolari qurilishi yakunlanish arafasida turibdi va 2022 yilning mart oyida to‘liq foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda.
Loyihaning ikkinchi bosqichida xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi, umumta’lim maktab, (100 o‘rinli) ayollar markazi, 17 ta ko‘p qavatli turar joy binolarini topshirish hamda uchinchi bosqichda 9 ta ko‘p qavatli turar joy binosi, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 70 ta oila istiqomat qilishga mo‘ljallangan “taunxaus”lar va aholiga turli xizmat ko‘rsatadigan qulay infratuzilmani yaratish ko‘zda tutilgan.
Ushbu majmuaning umumiy maydoni 12 gektar, loyiha qiymati esa 720 milliard so‘mni tashqil etadi. “Humo Smart city”dagi umumiy turar joylar soni 34 tani, shundan 16 ta 8 qavatli, 2 ta 9 qavatli 1 ta 12 qavatli, 4 ta 15 qavatli, 8 ta 16 qavatli, 1 ta 20 qavatli, 2 ta 25 qavatli va 1 ta 35 qavatli turar joy binolari bo‘lib, aholi yashash xonadonlari soni 2 ming 542 tadan iborat. Shuningdek, shaharcha hududidan 70 ta oila istiqomat qilishiga mo‘ljallangan har biri 200 metr kvadratdan iborat hovlilar ham o‘rin olgan.
- Shaharchada aholiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan 25 ta ob’yekt mavjud, - deydi “Humo Smart city” shaharchasi ijrochi direktori Karim Safarov. - Jumladan, bir kunda 2500 o‘quvchi o‘qiydigan zamonaviy umumta’lim maktabi binosi, 800 o‘rinli xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi, mehmonxona, savdo majmuasi, stomatologiya, tibbiy markaz, universal sport o‘yingohi, ochiq va yopiq bolalar maydonchalari, 1000 o‘ringa mo‘ljallangan ko‘p tarmoqli ayollar markazi, 1760 ta yer osti va 780 ta yer usti jami 2540 dan ortiq avtomobil joylashadigan avtoturargohlar o‘rin olgan.
“Humo Smart city”ning afzalligi shundaki, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarining tunnel orqali o‘tkazilishidir. Shaharcha hududida 1100 metr uzunlikdagi eni 2 metr 70 santimetrni, balandligi 2 metr 10 santimetrni tashkil qiluvchi tunnel qurilib, barcha muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari tunnel orqali o‘tadi. Bu esa shaharchadagi ko‘cha va xiyobonlarning noo‘rin buzilishining oldini olib, kommunikatsiya tarmoqlaridagi nosozliklarni bartaraf etishni ta’minlaydi.
Shaharchadagi binolarining tashqi eshik va romlari yuqori sifatli termoplast profildan bo‘lib, bu harorat tejamkorligini to‘liq ta’minlaydi. Xonalardagi ichki eshiklarning dizayni, mustahkamligi yuqori bo‘lib, Rossiyada ishlab chiqarilgan sifatli "MDF" materialidan tayyorlangan.
Binolarga bir tonna yuk ko‘taradigan yoki 10 kishini yuqoriga olib chiqadigan zamonaviy liftlar o‘rnatilmoqda. Shuningdek, turar joy maskanida 43 ta xona savdo-sotiq, maishiy jihozlar va ofislarga mo‘ljallangan. Shaharda 10 dan ortiq oziq-ovqat, mini-market va fast-fud (bir zumda) do‘konlari o‘rin olgan.
Fazliddin Ro‘ziboyev.