A.Qodiriy hayoti teatr sahnasida namoyish etiladi

2018 yil 3 dekabrdagi Vazirlar Mahkamasining “Buyuk o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy ijodining ulkan ahamiyatini inobatga olib, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat, ajdodlarimizning ma’naviy merosi bilan faxrlanish va iftixor tuyg‘ularini yuksaltirish hamda yozuvchi tavalludining 125 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi farmoyishida Respublikamiz teatrlarida adib asarlari asosida spektakllar sahnalashtirilishi belgilangandi.

Farmoyishga ko‘ra, Samarqand viloyati musiqali drama teatrida “Abdulla Qodiriy” spektakli sahnalashtirilmoqda.

Asarda  A.Qodiriy (Jo‘lqunboy) Toshkent shahrining Beshyog‘och dahasida bog‘bon oilasida dunyoga kelishi, otasi Qodir boboning savdo ishlaridan keyinchalik keksaygach bog‘bonlik bilan shug‘ullanganligi, uning bolalik yillari, hayoti, ijodi o‘z ifodasini topgan.

A.Qodiriy yoshligini shunday eslaydi: “Boshda boy oilada tug‘ilishimmi yoki kambag‘al oiladami, bunisini bilmayman, ammo yoshim 7-8 ga yetgach, qornim oshga to‘ymaganidan aniq bildimki, besh jonning tomog‘i faqat 80 yoshlik bir chol otamning mehnatidan, ya’ni bog‘ning yozda yetishtirib beradigan hosilidan kelar edi. Agar bahor yomon kelib, bog‘ mevalar ofatga uchrab qolsa, biz ham ochlikka duch kelib, qishi bilan javrab chiqar ekanmiz”. Asarda A.Qodiriyning hayotiga oid lavhalar ham sahnalashtirilgan.

“Abdulla Qodiriy” spektaklida Samarqand viloyati musiqali drama teatrining iste’dodli aktyorlari bilan bir qatorda Samarqand ixtisoslashgan san’at maktabi o‘qituvchi va talabalari ham ishtirok etadi.