AQShda politsiyachi qurolsiz qora tanli odamni otib o‘ldirdi

Ogayo shtati Kolumbus shahar politsiyasi qurolsiz qora tanli odamni otib o‘ldirgan Adam Koy ismli xodimni ishdan bo‘shatishga qaror qildi, deya xabar beradi NBC News.

“Men ushbu sovuqqonlarcha sodir etilgan harakatni politsiyachining kamerasidagi lavhadan ko‘rdim. Va, ofitser Koyni zudlik bilan ishdan bo‘shatish kerak, degan xulosaga keldim. Ushbu qoidabuzarlik begunoh odamning hayotiga zomin bo‘ldi”, deydi politsiya boshlig‘i Tomas Kinlan.

Uch kun oldin sodir bo‘lgan vaziyat qurboni 47 yoshli, qora tanli Andre Xill edi. Hodisa tunda, u tashrif buyurgan do‘stining uyi garaji oldida turganida sodir bo‘lgan. Zobit Adam Koy va uning sherigi afroamerikalikni ko‘rib, uni o‘g‘ri deb o‘ylab to‘xtashini talab qildi. Keyin politsiyachi chiroqni Xillga qaratdi - u o‘ng qo‘lida nimadir ushlab turar edi. Qora tanli politsiyachiga yaqinlashgan chog‘da Koy unga o‘q uzdi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, erkakda qurol bo‘lmagan.

Xillning o‘ldirilishi keng rezonansga sabab bo‘ldi va shaharda katta norozilik namoyishlari boshlandi. Bu oyning boshidan buyon shaharda sodir bo‘lgan ikkinchi shunday hodisa. Bundan oldin afroamerikalik Keysi Gudson uyi oldida otib o‘ldirilgan edi.