Arzonning oshi tatimas. Aholi nega ko‘mirsiz qolmoqda?

Mana shu voqeadan so‘ng sovuq qish kunlarida qishloqlarda yashovchi aholi uyni nima bilan isityapti, degan savolga javob izlab, Bulun­g‘ur tumaniga yo‘l oldik.

Mazkur tumanda 4200 ta xonadon tabiiy gaz bilan ta’minlangan. Qolgan aholining uyni qanday isitayotgani haqida quyiroqda to‘xtalamiz. "O‘ztransgaz" gaz tar­qatish bo‘yicha Samarqand filialining Bulung‘urdagi 2-son uchastkasi ma’lumotlariga ko‘ra, 26 560 ta xonadon suyultirilgan gaz bilan o‘z vaqtida ta’minlab kelinmoqda. Ammo ushbu "o‘z vaqtida" ham gaz ta’minot korxonasi nuqtai nazari, albatta. Chunki aholiga har 45 kunda suyultirilgan gaz yetkazib berishni ushbu tashkilot me’yor sifatida belgilagan. Aslida, agar fuqaro bitta kichik uydagi xonani 24 soat davomida iliq haroratda ushlab turish uchun suyultirilgan gazdan foydalansa, 45 kunga mo‘ljallangan maishiy gaz balloni 6 kunda bo‘shaydi. Gaz ta’minoti idoralari suyultirilgan gaz faqat ovqat pishirish va choy qaynatish uchun, deb doimo ta’kidlab kelishadi. Shunday ekan, maishiy gaz balloni tabiiy gazning muqobili emas. Isitish esa baribir fuqaroning o‘zi hal qilishi lozim bo‘lgan muammo sifatida qolmoqda.

Shuning uchun ham fuqarolarga ko‘mir yetkazib berish dolzarb vazifalardan biri sifatida qaraladi. Xullas, haqiqiy ahvolni bilish uchun qishloqlarga chiqdik. Maqsad qishloqlarda yashovchi aholi omborlardan arzonlashtirilgan narx­da ko‘mir olganmi-yo‘qmi? Shuni bilish.

– Vaqtida motorli arra sotib olgan ekanman, – deydi Mingchinor mahallasida yashovchi Z.Sindorov. – Qish keldi deguncha o‘tin maydalashga ko‘pchilik chaqira boshlaydi. Xizmat haqiga o‘tin olib kelib, uyni issiq saqlab turibman. O‘tin yo‘q vaqt­da ko‘pchilik, ba’zan o‘zim ham bir qop ko‘mirni 12 ming so‘mga sotib olamiz. Taxminan 10-12 kilo chiqadi. Ko‘mirning o‘zini ham yoqib bo‘lmaydi. O‘tini yo‘qlar bir mashina o‘tinni 1,5 million so‘mga sotib olishadi. Belgilagan narxdagi ko‘mirni bilmas ekanman.

Keyingi mahalla – Beshkuvida 3700 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Ushbu mahalla aholisi uchun bu yil 46 tonna ko‘mir ajra­tish belgilangan. Ayni vaqt­da shundan 36 tonnasi olingan. Aholi jon boshiga hi­sob­laganda 200 kilo­gram­m­dan. Mahallaga kirib borar ekanmiz, 3-4 fuqaro bilan suhbatlashdik. Ajablanarlisi, ularning hech biri aholiga imtiyozli narx­da ko‘mir berilishidan xabardor emas. Imkoni borlar ko‘chadan kilosini o‘rtacha ming so‘mdan sotib oladi, zaxira o‘tini borlar o‘tin yoqadi, har ikkisi ham bo‘lmasa, hovlidagi mevali daraxtlar bir-ikkitaga kamayadi.

Mahalla raisi esa aho­lining aynan ko‘chadan ko‘mir sotib olishi sababini mablag‘ bilan bog‘ladi. Ya’ni, 1000 so‘mdan ko‘mir sotib olayotgan fuqarolarga davlat berayotgan 273 so‘mlik ko‘mir qimmatlik qilarkan(?). Ko‘mir sifati borasida ham umumiy javob – "O‘tgan yilgidan yaxshiroq". Mahalla raisiga yuqoridagi savol bilan murojaat qilganimizning sababi bor. Biz suhbatlashgan fuqarolarning yarmidan ko‘pi arzonlashtirilgan ko‘mir haqida bilmasa, qolgan yarmi uning nihoyatda sifatsizligini aytdi. Ya’ni, yarmi kukundan iborat.

– Mahalla berayotgan ko‘mirning sifati yo‘q, – deydi Katta Kildon mahallasida yashovchi F.Xoljigi­tov. – Pulimga achinaman, chunki bu ko‘mirning yarmini yoqib bo‘lmaydi, kukundan iborat. Undan ko‘ra, 3-4 baravar qimmat bo‘lsa ham ko‘chadan olgan yaxshi. «Arzonning oshi tatimas», deydi-ku. Umuman qishloqda odam bir kunini ko‘radi, juda bo‘lmasa, daraxtini kesadi. Svet ham yaxshi edi. Ammo oxirgi ikki kunda havo qat­tiq sovigach, tez-tez o‘chyapti.

Shu yerda tuman elektr tarmoqlari korxo­nasi rahbari Ikrom Murodov bilan telefon orqali bog‘landik.

– Ana shu so‘nggi ikki kun havo harorati pasaygach, an­cha qiynalib qoldik, – deydi I.Murodov. – Tinimsiz avariyalar bo‘lyapti. Avariya guruhimiz tinmaydi. Sababi o‘zingizga ma’lum, havo harorati pasaysa, aholi uyni isitish uchun yoppasiga elektr isitkichlardan foydalanib, katta miqdorda tok sarflaydi. Tushunamiz, uyni isitish kerak. Ammo shu tarz­da elektr tarmoqlari, transformatorlar qizib ketib, ishdan chiqyapti. Ta’mirlashga ulgurmay qol­yapmiz. Siz aytgan joyga uzog‘i bilan bugun kechgaga yetib boramiz, ungacha yana bir nechta joyni tuzatishimiz kerak...

Ko‘rib turganingizdek, aynan ko‘mir tanqisligi va sifatsizligi, hatto, elektr ta’minotiga ham ta’sir o‘tkazib, katta zarar keltirmoqda. Tumandagi aholiga ko‘mir tarqatiladigan ombor mudirining fikri esa umuman boshqacha.

– Aholiga belgilangan miqdordagi ko‘mirni to‘liq yetkazib beryapmiz, – deydi ombor mudiri S.Qayumov. – Barcha mahalla limit bo‘yicha ko‘mirini olib bo‘ldi. Ko‘mir sifati haqida hech qanday gap bo‘lishi mumkin emas. Siz ko‘rib turgan kukunlar aslida briket ishlab chiqarish uchun xomashyo. Qolaversa, mana, marhamat, barcha mahalla raisi ko‘mir sifatiga e’tirozi yo‘qligi borasida yozma ravishda ma’lum qilgan.

Ajabo! Aholiga berilayotgan ko‘mirning sifatsizligi rad etib bo‘lmaydigan haqiqat. Buni barcha tumanda ko‘plab fuqarolar tasdiqlaydi. Ammo ombor mudiri qo‘lida mahallalar raislari yozib bergan kafolat xatlari bor.

Hatto biz bilan suhbatda "Hali 13 tonna ko‘mirimiz turibdi", degan Beshkuvi mahallasi raisi ham shu tarz­da xat bergan. Qiziq, mahalla raislari sifatsiz ko‘­mirga e’tiroz bildirmasliklarining sababi nimada? Xo‘p, bu ham mayli. Ko‘mirning sifatsiz ekani hammadan ham ko‘mir tarqatishga mas’ul idoralarga besh qo‘lday ma’lum-ku! Mahalla oqsoqollaridan bu tarzda olinayotgan kafolat xatlari kimni aldash uchun?

Yana bir gap. Tuman hokimligi vakillari ham hali aholiga berilishi kerak bo‘lgan ko‘mir to‘liq olinmagani, 2900 tonna ko‘mir o‘rniga bugungacha 1521 tonna olinganini tasdiqlab turibdi. Tuman ko‘mir omboridagi bu holat esa bizga yuqorida aytilgan bitta fuqaroga  ko‘mir topib berishni lozim topmagan viloyat "Temiryo‘lyonilg‘ita’min" vakillarini eslatmoqda.

Anvar MUSTAFOQULOV.