Aslida “musorchi” deyishga uyalish kerak

Talabaman. Oraliq nazorat bo‘lgani uchun biroz barvaqtroq o‘qishga otlandim. Ertalab bekatga keldim. Atrofga nazar soldim - faqat birgina kishiga ko‘zim tushdi. U obodonlashtirish xodimi -  bekat atrofi, ko‘cha chetlarini supurish bilan ovora ayol.

Ayol ko‘cha chetiga tashlab ketilgan pista po‘choqlari-yu, ichimlik idishlarini tozalayapti. So‘ngra bekat atrofini supurdi. O‘ylab qolaman: bularni tashlamasak uning yumushi biroz kamayarmidi. Shu vaqt avtobus keldi...

Xayollarim hamon sovuqda shahar tozaligini, obodligini ta’minlayotgan  xodimlarda.

Afsuski, ularning zahmatli mehnatini qadrlamaymiz. Nainki qadrlamaymiz, balki ba’zan ularga nisbatan past nazar bilan ham qaraymiz. Bu gapni bejiz aytmadim.

Yaqinda xiyobon bo‘ylab o‘qishga ketayotgandim. Atrofimda ketayotgan ota-bolaning suhbatiga bexos guvoh bo‘ldim. Bola otasidan sal nariroqda xazonlarni supurayotgan, chiqindilarni xaltalarga joylayotgan obodonlashtirish xodimini ko‘rsatib, uning kasbini so‘radi. Ota esa ayolga qaradi-yu, farzandiga “Umi? U musorchi”, deya javob berdi. Bu gap o‘sha ayolga ham eshitildi. Ayolning yuzi qizarib, boshini yerga qaratgancha, ro‘moli bilan to‘sib yumushini bajarishda davom etdi.

Xo‘sh sizningcha xaqiqiy «musorchi» kim? Atrofimiz ozodaligi yo‘lida hali quyosh chiqmasdan, qishning sovug‘iyu, yozning jaziramasida halol mehnati bilan pul topayotgan insonlarmi yoki atrofga har xil chiqindilarni tashlab ketadigan sizu-biz, odamlarmi?

Aksariyat mamlakatlarda bu kasb egalariga ish ham qolmayapti, desam ishonasizmi? Masalan, Yaponiya. U yerda bu kasb egalariga deyarli ish yo‘q. Yapon maktablarining ko‘pchiligida farroshlar ishlamaydi, o‘quvchilar darsdan keyin guruhlarga bo‘lingan holatda sinfxonani, yo‘layelarni, hojatxonani tozalaydi. 12 yillik maktab davrida tozalik vaqti - o‘quvchilar hayotining ajralmas qismi bo‘lib kelmoqda. Yaponiya ko‘chalarida sayr qilib yurgan sayohatchilar atrofning tozaligidan hayratga tushishar ekan. Ularning tarbiyasiga singdirilgan jihat shuki, atrof-muhit uchun faqatgina tozalik hodimlari emas, balki barcha birdek javobgar. Yapon xalqining yoshu qarisi atrofda ko‘ringan chiqindini hech ikkilanishsiz tozalab ketaveradi, ular uchun bu sharaf.

Biz ham bugun tozalik, ozodalik borasida yapon xalqidan o‘rnak olishimiz kerak, chamamda.

Surayyo Xolboyeva.