Asosiy maqsad - inson qadrini yuksaltirish
Ayni kunlarda butun xalqimiz 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasida faol ishtirok etmoqda.
Gap shundaki, Prezidentimizning bu haqdagi farmoni hamda Davlat dasturi loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirilishi natijasida yurtdoshlarimiz 7 ta ustuvor yo‘nalish, 100 ta maqsad va 309 ta banddan iborat dastur loyihasi yuzasidan o‘z takliflarini bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Yodingizda bo‘lsa, davlatimiz rahbari 2022 yil 20 dekabrda Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida 2023 yilga «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili» deb nom berishni taklif etgan va ushbu yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga alohida e’tibor qaratgan edi.
Albatta, bunda, eng avvalo, aholining hayot darajasini yanada yuksaltirish, ta’lim sifatini ilg‘or jahon standartlariga muvofiqlashtirish, barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish hamda kambag‘allikni qisqartirish asosiy diqqat-e’tibordagi masalalardir.
Shundan kelib chiqib, dastur loyihasida:
- inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish;
- mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish;
- milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash;
- adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish;
- ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish;
- milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish;
- mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish yo‘nalishlarida yil davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilanmoqda.
Xo‘sh, ushbu vazifalar nimalardan iborat?
Avvalo, xalqimizning og‘irini yengil qilish, yanada qulayliklar yaratish va xarajatlarini tejash maqsadida 2023 yil 1 iyuldan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlarida «Aholi va tadbirkorlarga servis sifatini oshirish» chora-tadbirlari belgilanayotganini alohida aytish zarur. Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan an’anaviy tarzda ko‘rsatiladigan qo‘shimcha 200 ta davlat xizmatlarini Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Shu tarzda elektron shaklda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari 73 foizga yetkaziladi.
Loyihaga ko‘ra, idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida fuqarolar kasalligining og‘irligi va uning asoratlaridan kelib chiqib, ularning ishtirokisiz nogironlik belgilanadi.
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasi «shahar avtomobillar emas, balki piyodalar uchun» g‘oyasi asosida isloh qilinadi. Unga ko‘ra, joriy yil 1 iyundan respublikaning barcha aholi punktlarida transport vositalari harakatlanish tezligini soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrga tushirish taklif etilmoqda.
Mazkur masala bugun kunda juda dolzarb bo‘lib, aholi, ayniqsa, bolalar xavfsizligi yo‘lida bunday qarorga kelish o‘rinli hisoblanadi. Aslida bugungi kunda yurtimizning ko‘plab hududlarida, jumladan, Samarqand viloyatida ham o‘ndan ortiq ko‘chada mazkur tartib asosida transport vositalarining eng yuqori tezligi 60 kilometrga pasaytirilgan.
Loyihada aholining elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirish uchun yangi generatsiya quvvatlarini yaratish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar viloyatimizga ham tegishli bo‘lib, unga ko‘ra, Samarqandda Birlashgan Arab Amirliklarining «Masdar» kompaniyasi bilan hamkorlikda umumiy quvvati 440 MVtga teng quyosh fotoelektr stansiyasini qurish ko‘zda tutilgan. Quyosh va shamol elektr stansiyalari hisobidan qo‘shimcha elektr ishlab chiqarish orqali xonadonlarga beriladigan elektr energiyasini 50 foizga ko‘paytirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, «Total Energies» kompaniyalar guruhi bilan ham muqobil energiya manbalariga investitsiya kiritish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Bular ham albatta, xalqimiz turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Qolaversa, loyihada joriy yilda yurtimizda turizm xizmatlari eksportini 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Bu borada ham ayni paytda mamlakatimizda, xususan, viloyatimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining tegishli qarorida «Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi» targ‘ibot kampaniyasi o‘tkazish belgilangan. Shu maqsadda Samarqand shahrida «Aviation & Logistics Forum» II xalqaro aviatsiya forumi tashkil etiladi. Joriy yilda Samarqand jahon turizm tashkilotining navbatdagi yig‘ilishiga ham mezbonlik qiladi, umuman, bu yerda yil davomida yigirmadan ortiq xalqaro forum va anjumanlar o‘tkaziladi. Yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ham shu yildan foydalanishga topshirilib, sayyohlarni qabul qila boshlashini mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchimiz. Yangi turizm ko‘chalari, turizm qishloqlari barpo qilinadi va shunga mos ravishda infratuzilma yaratiladi, xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Bularning barchasi Samarqandning turistik salohiyatini oshirish, qadimiy kentga keladigan sayyohlar oqimini ko‘paytirishda, shaharni dunyo taniydigan megapolisga, xalqaro turizm va biznes markaziga aylantirishda ayni muddaodir.
Shuningdek, loyihada Samarqand shahrini alohida ma’muriy-hududiy birlik sifatida respublika bo‘ysunuviga o‘tkazish chora-tadbirlari belgilangan. Davlatimiz rahbarining Murojaatnomada ilgari surgan mazkur tashabbusi, nafaqat viloyatimiz va Samarqand shahri aholisi tomonidan, balki butun xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Qadimiy shaharga bunday maqom berilishi uning dunyodagi nufuzini oshirish bilan birga, yanada taraqqiy etishiga zamin yaratadi.
Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish – bu yilgi davlat dasturining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Loyihaga binoan, yil davomida ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarning 160 ming nafari o‘zi istagan kasblarga o‘qitiladi, 14 ming nafarining kasbiy malaka darajasi tasdiqlanadi. Ayni chog‘da og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan 75 ming nafar ishsiz xotin-qiz davlat hisobidan mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitiladi. Bu borada viloyatimizda ham rejalar ishlab chiqilib, amaliy ishlar boshlab yuborildi. Samarqand shahridagi «Monomarkaz» hamda tuman, shaharlardagi kasb-hunarga o‘qitish markazlarida ishsiz fuqarolar yigirmadan ziyod kasb-hunarga o‘qitilmoqda.
Joriy yilda farzandlarimizning sifatli ta’lim-tarbiya olishi ham asosiy e’tibordagi masalalardan biriga aylanadi. Jumladan, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘lamini oshirish orqali qamrovni 92 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda maktabgacha ta’limning muqobil shakllari joriy etiladi. «Namunaviy maktab» loyihalari ijroga qaratilib, yangi maktablar qurish, rekonstruksiya qilish ishlari ko‘lami yanada kengayadi.
Bundan ezgu sa’y-harakatlar oliy ta’lim tizimida ham amalga oshirilib, viloyatdagi universitet va institutlarda yangi o‘quv binolari va laboratoriyalar bunyod etiladi. O‘nga yaqin talabalar turarjoylari quriladi.
Loyihada milliy madaniyatimiz va san’atimizni keng targ‘ib qilishga qaratilgan xalqaro madaniy tadbirlarni o‘tkazish yuzasidan ham qator vazifalar belgilangan. Jumladan, pandemiya sababli to‘xtab qolgan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalini joriy yilda o‘tkazish rejalashtirilgan.
Umuman, hujjat loyihasida sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini rivojlantirish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, energiya resurslaridan samarali foydalanish, ekologik muammolarning oldini olish, «yashil» texnologiyalarni keng qo‘llash va boshqa sohalarga doir chora-tadbirlar yil dasturi asosini tashkil etib, mamlakatimizda «Inson qadri uchun» tamoyili hayotda o‘z ifodasini topishi uchun dasturilamalga aylanadi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, muhokama davomida bildiriladigan takliflar, albatta, inobatga olinadi. Ana shunda davlat dasturi biz kutgandek xalqchil va mukammal hujjatga aylanadi. Zero, asosiy maqsad inson qadrini ulug‘lashdan iborat. Shu ma’noda, barcha yurtdoshlarimiz, jumladan, samarqandliklarni muhokamalar jarayonida yanada faol bo‘lishga chaqiramiz.
Erkinjon Turdimov,
Samarqand viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi.