Atrof-muhitni ifloslantirish 2 073 000 so‘mgacha jarimaga sabab bo‘ladi

Dunyo bo‘yicha kunlik maishiy chiqindining uchdan bir qismi qayta ishlanadi. Shu sababli chiqindilarning hosil bo‘lishi, ularni to‘plab olib ketish, tashish, saqlash, ko‘mib tashlash, qayta ishlash, utilizatsiya va realizatsiya qilish bilan bog‘liq faoliyat tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.

Mamlakatimizda ham atrof-muhitni muhofazalash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, aniqlash va chek qo‘yish, sohaga doir qonunchilikni yanada takomillashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Jumladan, 2018 yil 10 oktyabrda "Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, shu jumladan, ichimlik suvidan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi.

Qonunda asosan sanoat va maishiy chiqindilar bilan atrof-muhitni ifloslantirish, belgilanmagan joylarga ularni tashlash holatlari yuzasidan ma’muriy javobgarlik choralari yanada kuchaytirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining yangi tahririda sanoat chiqindilarini, maishiy chiqindilarni va boshqa chiqindilarni to‘plash, tashish, joylashtirish, zararsizlantirish, saqlash, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, realizatsiya qilish chog‘ida tabiatni muhofaza qilish talablarining buzilishi uchun fuqarolarga va mansabdor shaxslarga nisbatan qo‘llaniladigan jarimalar miqdori qariyb ikki baravar oshirildi.

Mazkur kodeks yangi 911, 912, 913-moddalar bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarni tashlash, suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish fuqarolarga eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa uch baravaridan besh baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solinishi mumkinligi qat’iy belgilab qo‘yildi.

Yuqoridagi qonun bilan "Chiqindilar to‘g‘risida"gi qonun ham yangi qoidalar bilan to‘ldirilib, qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Ya’ni, amaldagi sanitar normalar va qoidalarga ko‘ra chiqindilarni yoqib yuborish yoki ko‘mib tashlash chiqindilarni zararsizlantirish normasi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, yangi kiritilgan qoidaga ko‘ra chiqindilarni zararsizlantirish - chiqindilarni neytral holatga keltirish, dezaktivatsiya, dezinfeksiya, demerkurizatsiyalash, chiritish, yoqib yuborish, termik jihatdan qayta ishlash va ko‘mib tashlash bilan bog‘liq qoida ekanligi normasi kiritildi.

Qonunning 15-moddasi yangi tahriri bayoniga ko‘ra, amaliyotda ilk bor yuridik shaxslarga qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va vaqtincha saqlash uchun konteynerlar o‘rnatish majburiyati qoidasi  yuklanmoqda.

Xuddi shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning suv iste’moli va suv resurslari va inshootlaridan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi 74, 75, 76-moddalaridagi sanksiyalar ham kuchaytirilib, jarimalar miqdori keskin ravishda oshirildi.

Viloyatimizda ham joylarda sanitariya va ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash, hududlarni obodonlashtirish, chiqindilarning hosil bo‘lishi, ularni to‘plab olib ketish, tashish, saqlash, ko‘mib tashlash, qayta ishlash, utilizatsiya va realizatsiya qilish bilan bog‘liq faoliyatni tartibga solish maqsadida viloyat hokimi tomonidan 2018 yil 21 noyabrda hududlarni obodonlashtirish, sanitariya qoidalariga rioya qilish, maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishni yanada samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Bu hujjat bilan chiqindilarning hosil bo‘lishi, yig‘ilishi, saqlanishi, tashilishi, saralash va utilizatsiya qilish faoliyatini qonunga zid ravishda amalga oshirishga chek qo‘yish borasida mutasaddi tashkilot rahbarlariga vazifalar belgilab berildi.

Ilgari, shahar, tumanlarning tozaligi va qiyofasi talablariga javob bermaydigan darajada ifloslangan, ko‘cha va yo‘llarni ifloslantirish ehtimoliga ega transport vositalarining shahar va tuman markazlari bo‘ylab harakat qilishini cheklash yuzasidan biror-bir amaliy choralar ko‘rilmagan edi. Shuningdek, ko‘chalarni iflos qilishi mumkin bo‘lgan yuklar, qurilish materiallari va chiqindilarni ochiq avtotransport vositalarida tashish ham ekologiyaga zarar keltirayotgandi. Qattiq maishiy chiqindilarni tashish ishlarining maxsus avtotransport vositalarida amalga oshirilishi, sanitariya va gigiyena talablariga mutlaqo zid ravishda shahar, tumanlar ko‘chalari bo‘ylab chiqindi terib yurgan shaxslar faoliyatini taqiqlash yuzasidan ham chora yo‘q edi.

Endilikda yuqoridagi qaror bilan “Chiqindilar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida belgilab qo‘yilgan vakolatlarni so‘zsiz amalga oshirilish, atrof-muhitni muhofaza qilish qoidalariga amal qilish yuzasidan tuman va shahar hokimliklari, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi va boshqa tegishli idoralarga shaxsiy javobgarlik yuklatildi.

                                                              Bahodir QARShIYeV,

viloyat hokimligi

                                                              yuridik xizmat bosh yuriskonsulti.