"Attang, tarbiya ko‘rmabdi-da"
Tarbiya murakkab jarayon, uni hamma qirralarini jamuljam qilgan qat’iy yo‘li va yagona usuli yo‘q. Boshqacha aytganda, tarbiya individual xususiyatga ega.
Shaxsning fe’l–atvori, dunyoqarashi, aqliy, jismoniy imkoniyatlari hisobga olingan holda olib borilsagina kutilgan natijani beradi.
Befarosat, andishasiz, maqtanchoq, mahmadona, og‘ziga kelganini o‘ylamay gapiraveradigan kimsalarni ko‘rganimizda «Tarbiya ko‘rmabdi-da», deb qo‘yamiz. Ularning yetti pushtini biladigan qariyalar, obbo, bobosiga yoki otasiga tortibdi–da, deya bosh chayqashadi.
Darhaqiqat, yuksak insoniy fazilatlar ham, xudbinlik, kalondimog‘lik, qo‘rslik, so‘kinib gapirish kabi yaramas odatlar ham qondan o‘tadi. Shunday ekan, biz farzandlarimizni odobli, shirinso‘z, kattaga hurmat, kichikka izzat, o‘qigan, andishali inson bo‘lishini istasak, tarbiyani o‘zimizdan boshlashimiz kerak.
Qush uyasida ko‘rganini qiladi, degan gap bor. Oilada munosabatlar o‘zaro hurmat, axloq-odob negizida qurilgan bo‘lsa, bu farzandlar dunyoqarashida ham ko‘rinadi. Ayrim ota-onalar farzandlar oldida, hali kichkina, tushunmaydi, deb har xil nojo‘ya so‘zlarni gapiraverishadi. Yoki odamlarni g‘iybat qilishadi. Bola endi tetapoya qilayotgan bo‘lsa-da, eshitgan gaplarini yaxshi eslab qoladi. Murg‘ak tasavvurida odamlarga nisbatan yomon fikirlar tug‘iladi.
Ota-ona farzand uchun ibrat. Bolalar ulardan o‘rnak olishadi. O‘zlarini tutishlari, gapirishlariga taqlid qilishadi. Sodda qilib aytganda, oilada er-xotin o‘rtasida sharm-hayo pardasi ko‘tarilmasligi lozim.
- Ko‘cha-ko‘yda, bozor-o‘charda, davralarda andishasiz, o‘zini tutaolmaydigan yengiltak, odobsiz ayrim odamlarni ko‘rganimizda, tarbiyasiz ekan, deb ranjiymiz. Aslida chuqurroq o‘ylasak, ayb ularda emas, tarbiya berganlarning o‘zlari tarbiya ko‘rmaganida.
Tadqiqotlarga ko‘ra, dunyoga keladigan bola homila rivojlanish jarayonidayoq tashqi ta’sir va ona ruhiyatiga reaksiya bera boshlar ekan. Yoqimli musiqa, yaxshi gaplar, xotirjamlik inson sifatida shakllanayotgan murg‘ak vujudda muloyimlik, mehribonlik hislarini uyg‘otsa, ota-onaning janjallari bezovtalik, asabiylik homila DNKsiga, ya’ni irsiy hujayrasiga o‘tib tug‘ilgandan keyin xulq-atvorida namoyon bo‘lar ekan.
Bundan xulosa qilish mumkinki, farzandlarni dunyoga keltirib, ularga tarbiya beradigan ota-onaning o‘zlari tarbiyali bo‘lish kerak. Bunday yaxshi tarbiya ko‘rgan madaniyatli ota-onalarimiz ko‘p. Ular dunyoga keltirib tarbiyalagan o‘g‘il-qizlar jamiyatimiz faxriga aylanishgan.
Savol tug‘iladi: Xo‘sh, yaxshi tarbiyachi bo‘lish uchun inson o‘zini qanday tarbiyalashi kerak?
Buning uchun shaxs kitob o‘qishni, odamlar, tevarak-atrofni kuzatib, to‘g‘ri xulosa chiqarishni o‘rganishi lozim. Kitob hayotni, odamiylikni, yaxshi fazilatlarni tarbiyalaydi. Maksim Gorkiyning "Kitob o‘qishdan to‘xtagan kishi fikrlashdan to‘xtaydi", degan gapida chuqur ma’no bor. O‘zimizda yuksak insoniy fazilatlarni tarbiyalovchi o‘qishdan to‘xtamaylik.
Tog‘aymurod Shomurodov.