Avtobuslar harakatini boshqarishda yangicha tizim kerak

Kecha Samarqand shahrida aholiga xizmat ko‘rsatuvchi “Isuzu” haydovchilarining kelishmovchiligi fojia bilan yakun topgani keyingi vaqtda “kamikadze-avtobuslar” paydo bo‘lganini yaqqol ko‘rsatib qo‘ydi.

Viloyat sessiyalarida Transport boshqarmasi boshliqlari juda ko‘p marotaba savollarga tutilgan, tanqid qilingan. Lekin masalani sessiyada ko‘rish bilan sezilarli o‘zgarish bo‘lgani yo‘q.

Jamoat transportini xususiy tadbirkorlarga berish mulk egasida iqtisodiy foyda ketidan quvishdan boshqasini hosil qilmayapti. Xizmat ko‘rsatish sifati o‘ta nochor. Oxirgi voqealar haydovchilarning psixologik holatini ham savol ostida qoldiryaptiki, balki bu ularga muayyan bosimlardan nishonadir, desam juda yumshoq gapirgan bo‘laman.

Sifatsiz xizmatdan tashqari yo‘llardagi tirbandlik fonida bir-birini quvishga intilish – xavf paydo qilish, kechki soatlarda ishlamaslik, yangi yo‘nalishlar ochish borasida aholi fikrlarini inobatga olmaslik, xizmat haqi qaytimlari bilan bog‘liq holatlar transport sohasi keltirayotgan foydadan ko‘ra jamiyat uchun ijtimoiy ziyonning o‘n chandon ortiqligini anglatadi.

Imkoniyati bor odam shaxsiy mashinasida o‘z kunini ko‘rib yuradi, u bunga befarq, deganlar adashadi. Kamikadze-avtobuslar nafaqat piyodalar va yo‘lovchilar, balki shaxsiy avtoulovlar uchun ham tobora xavfli bo‘lib bormoqda. Tizimda burilish qilish uchun o‘sha avtobus o‘z xizmat mashinasida ketayotgan biror “kattakon”ning ustiga tushib ketishini kutish kerakmi, degan qo‘shimcha savol ham tug‘iladi. Balki transport boshqarmasi boshlig‘ini avtobusda yo‘lovchi bo‘lishga yoki avtobus haydovchisi bo‘lishga undash kerakdir.

Bu haqda jamoatchilik vakillari, faollar, blogerlar tomonidan ko‘p marotaba fikrlar bildirildi. Lo‘nda qilib aytganda, gapirmagan odam qolmadi.

Jamoat transporti hind sigirlaridek sokin bo‘lishlari kerak (Hindistonda sigir so‘yilmasligi, go‘shti yeyilmasligini yaxshi bilasizlar – balki shundandir, ulardagi sigirlar bir qadar yuvosh va sokin). Transport tizimi esa uni isloh va qulay qilishda faol bo‘lishi kerak. Boshqalarni bilmadim-u, lekin men aksini kuzatyapman.

Viloyat byudjeti misqollab yig‘ilmoqda. Lekin jamoatchilik transporti dotatsiyaga o‘tilishi kerak. U ijtimoiy ne’mat va davlatda urbanizatsiya siyosatining muhim bo‘lagi sifatida ko‘riladigan vaqt keldi.

Shohrux Jo‘raqulov,

xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati.