Avtobuslarni yuvish kerakmi? Yoxud yo‘lovchi iltimosi: "Yanayam eskiroq avtobus yo‘qmi?"
"Samarqand shahridagi avtobus va taksilar xizmatidan ko‘nglingiz to‘lyaptimi? Transport xizmati sifatini yaxshilash uchun qanday taklifingiz bor?" 15 yanvar kuni shu savollar bilan gazetamizning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali ijtimoiy so‘rov o‘tkazdik. (Ushbu masala xalq deputatlari viloyat Kengashining sessiyasi kun tartibiga kiritiladi). Bir kun ichida 77 kishi o‘z munosabatini bildirgan bo‘lsa, 58 kishi so‘rovnomaga turlicha javob qaytargan. Munosabatlar hamon bildirilmoqda.
Jumladan, so‘rovda qatnashganlarning 58 foiz "Shaxsan menga ma’qul emas", 34 foizi "Xizmat haqi qimmat", 8 foizi ishtirokchi "Har holda ma’qul" javobini belgilagan. Feysbuk kanalimiz orqali ko‘plab mushtariylar ham ushbu mavzuga o‘z munosabatini yozdi.
Misol uchun, bir qator foydalanuvchilar jamoat transportida ozodalikka e’tibor yo‘qligini ta’kidlagan.
Quyida ayrim foydalanuvchilarning izohlarini aynan keltiramiz:
Gavhar Temirova: Avtobuslar ertalab soat 6 dan kech soat 23 gacha qatnasa yaxshi bo‘lardi. Taksilar 4 ming so‘m – qimmat bu. Yangi qurilayotgan uylarga ham avtobus qatnovi qo‘yilsa.
Zafar Dusanov: 1. Ayrim yo‘nalishlarda avtobus kam qo‘yilgan. Shu sabab tig‘iz paytda, ish va o‘qishga shoshayotgan vaqtda avtobusda tirbandlik paydo bo‘ladi. Hech bo‘lmasa ertalab va kechqurun qatnov oralig‘ini qisqartirish kerak. Odam ko‘p yo‘nalishlarda avtobuslar sonini oshirish kerak.
- Taksilar narxi 3000 so‘mdan 4000 so‘mga oshdi. Tushirish kerak. Haydovchilar buning sababini "putyovka" qimmat deb izohlayapti. "Putyovka" narxi tushsa, yo‘l haqi ham tushsa, kerak deb o‘ylayman.
- Konduktorlar ko‘pincha o‘zidan bilib 100 so‘mlik qaytarmaydi. Shu sababli 100, 200 so‘mlik kupyuralarni ko‘proq berish kerak ularga.
Djalil Bagirov: Hazora avtostansiyasida 66, 32, 16-avtobuslar 20 daqilalab turishadi. Odamlar tiqilinch bo‘lmagunicha joyidan qo‘zg‘almaydi. 66-yo‘nalishli avtobuslar bir-birini quvib o‘tadi. "Damas"larni yana qonuniy marshrutkaga aylantirishsa zo‘r bo‘lardi.
Zulfiya Bekmuratova: Tumanlarga qatnaydigan avtobuslarning ahvolini ko‘ringlar. Undan tashqari, yo‘l narxlarini. Odam ko‘p bo‘lib qolsa, narxi ham oshadi. Xohlagan narxni aytadi. Tushunamiz, avtobuslar xususiy firmalarga qarashli lekin narxlari bir xil bo‘lishi kerak-ku.
Yoz oylarida gazetamizda Samarqand shahridagi jamoat transportida sovutish muammosi borligi tilga olingandi. So‘rovnomada ishtirok etgan ayrim foydalanuvchilar shu kabi muammolarni achchiq kulgi ostiga olgan.
Yusuf Yakubov: Yanayam eskiroq avtobuslar yo‘qmi, bo‘lsa xursand bo‘lardik. Narxlariyam juda arzon, sal ko‘taringlar, pensionerlar duo qilardi, iltimosimiz shu. Yana bitta iltimos, yozda avtobuslarni isituvchi pechkalarini balandroq yoqishsin, odamlar sovuq qotmasligi uchun…
Nasiba JONTO‘RAYEVA.