Axborot beruvchilar sessiyaga tayyorgarlik ko‘rib kelishi kerak

Bugun, 29 yanvar kuni xalq deputatlari viloyat Kengashining yigirma birinchi sessiyasi o‘tkazildi.

Sessiyani Kengash kotibiyati mudiri Sh.Yo‘ldoshev boshqardi.

Deputatlar sessiya kun va ish tartibini, kotibni tasdiqladilar.

Ombudsman huquqiy markaz ochishni taklif qildi

Dastlab, Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) mintaqaviy vakilligining 2020 yilda amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisoboti eshitildi. Vakil – Sh.Safarov 2020 yil davomida kelib tushgan murojaatlar tahlil qilinganda ularning aksariyati fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari, xususan, kommunal xizmatlar, boshqaruv idoralari xodimlarining o‘z vazifalari ijrosidagi sustkashlikka oid bo‘lganini ta’kidladi. Pandemiya tufayli yozma murojaatlar (28 ta) kamaygan bo‘lsa-da ishonch telefoni va elektron manzillar orqali (54 ta) ko‘paygan. Murojaatlarning 6 tasi mehnat qonunchiligining buzilishi bilan bog‘liq bo‘lsa, 4 tasi ta’lim, 12 tasi ijtimoiy himoya, 10 tasi fuqarolik huquqlari, 13 tasi uy-joy, 4 tasi mahalliy hokimiyat organlari qarorlari, 38 tasi turli masalalarga oid bo‘lgan. Vakillik ekspertlari 6 marta viloyatimizdagi jazoni ijro etish muassasalarida bo‘lib, mahbuslar bilan suhbat o‘tkazgan.

Sh.Safarov aholining qaysi masalada qaysi organga murojaat qilish, o‘z haq-huquqini so‘rash yuzasidan huquqiy bilimlarini oshirish, ularga bu borada ko‘mak berish uchun huquqiy markaz ochish taklifini bildirdi.

Vakillik hisoboti yuzasidan deputatlar o‘z savol va takliflarini ham bildirdi. Xususan, mintaqaviy vakillik faoliyatidan aholining yetarli darajada xabardor emasligi, bu borada ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan samarali foydalanilmayotgani qayd etildi. Jumladan, o‘tgan bir yil davomida gazetalarda birorta ham maqola chop etilmagani tanqid qilindi.

Payariq tumani va Samarqand shahrining imkoniyati bir xil emas

Viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari D.Shakarboyevning hududlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi darajasini baholashning reyting ko‘rsatkichlari natijalari to‘g‘risidagi hisobotida “qizil” (Payariq, Paxtachi va Qo‘shrabot), “sariq” (Jomboy, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Oqdaryo, Narpay, Nurobod, Past Darg‘om, Toyloq, Urgut) va “yashil” (Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlari, Bulung‘ur, Samarqand) toifaga ajratilgan tuman, shaharlarni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi haqida ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, dastlabki statistik hisobotlarga ko‘ra, 2020 yil yakuni bilan viloyatning asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarida o‘sish ta’minlanganligi kuzatildi. Avvalgi yilga nisbatan yalpi hududiy mahsulot hajmi 2,4 foizga, sanoat mahsulotlari hajmi 2,3, iste’mol tovarlari 15,4, hududiy sanoat hajmi 16, qishloq xo‘jaligi 3,1, kapital qo‘yilmalar 17,9, qurilish-pudrat ishlari 9,9, chakana savdo aylanmasi 7,3 va jami xizmatlar hajmi 2,6 foizga o‘sgan.

“Qizil” hududga kirgan shahar va tumanlarda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinganda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi Paxtachida 13,7 foizga, Qo‘shrabotda 2,7, Payariqda 9,6 foizga oshgani kuzatildi.

Mazkur hududlarda boshqa sohalar bo‘yicha ham o‘sish ko‘rsatkichlari qayd etilgan. Xuddi shunday, “sariq” va “yashil” toifadagi tuman va shaharlarda pandemiya sharoiti bo‘lishiga qaramay, belgilangan rejalar bajarilgan.

– Albatta, hududlar reytingini belgilashning o‘z mezonlari bor, lekin Qo‘shrabot, Payariq yoki Paxtachi tumanini Samarqand shahri bilan qiyoslash to‘g‘ri kelmaydi, – dedi sessiyada ishtirok etgan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov deputatlarning savollariga javob berib. – Agar bu tumanlarning tabiiy va iqtisodiy imkoniyatlarini o‘ziga mos hududlar bilan taqqoslasak, yuqori natijalarga erishganini ko‘rish mumkin. Shuning uchun biz reytingni belgilashni takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflarimizni berdik.

Sessiyada Payariq tumani hokimi D.Musinov ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting ko‘rsatkichlariga ko‘ra, tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatini yaxshilash yuzasidan amaliy chora-tadbirlar dasturining ijrosi to‘g‘risida hisobot berdi.

D.Musinov barcha soha va yo‘nalishlar bo‘yicha 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar va joriy yilga mo‘ljallangan loyihalarga batafsil sharh berdi. Belgilangan rejalarning amalga oshishi bilan tuman “qizil” hudud toifasidan chiqib, barqaror rivojlanayotgan hududlar qatoriga kirishini ta’kidladi.

Deputatlar tuman hokimi va sektor rahbarlariga savollar bilan murojaat qilib, o‘z taklif va tavsiyalarini ham bildirdi.

Avvalo, kasb-hunarga o‘rgatadigan usta topish zarur

Kun tartibidagi navbatdagi masala – viloyatda 2020 yilga mo‘ljallangan bandlik dasturi ijrosi hamda bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya va grantlar ajratish hamda jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘larining sarflanishi yuzasidan viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i I.Jabborovning hisoboti eshitildi.

Ta’kidlanishicha, 2020 yilda “temir daftar”ga kiritilgan 3615 kambag‘al oilaga shaxsiy va dala tomorqasida yengil tipdagi issiqxona qurishi, ekin ekishga urug‘ va ko‘chatlar sug‘orish vositalarini harid qilishi uchun 10,6 milliard so‘m subsidiya berilgan.

14 tumanda foydalanilmayotgan 1163 gektar yer maydonida kooperativlar tashkil etilib, 3396 nafar ishsiz fuqaroga yer bo‘lib berilgan. Ularga 6123,5 million so‘m subsidiya mablag‘i berildi.

Bu yil viloyatda aholining shaxsiy tomorqasida bandligini ta’minlash  maqsadida issiqxona qurib berish, urug‘lik va ko‘chat sotib olishi, sug‘orish vositalari xarid qilishi uchun 977 nafar ishsiz fuqaroga 4 milliard 500 ming so‘m miqdorida subsidiya ajratish rejalashtirilgan. 34 ta ishlab chiqarish kooperativi tashkil etib, ularga 871 nafar fuqaroni a’zo sifatida biriktirish uchun 2 milliard 136 million so‘m, 388 nafar fuqaroni tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 80 million so‘m subsidiya mablag‘lari ajratiladi.

I.Jabborov bugungi kunda fuqarolarni kasb-hunarga o‘rgatish maqsadida Samarqand shahrida mono markaz tashkil etilayotgani, Kattaqo‘rg‘on shahrida esa o‘quv markazi ish boshlaganini ta’kidladi. Boshqa tuman va shaharlarda ham kasb-hunar maktablari qoshida o‘quv maskanlari tashkil etilayotgani ma’lum qilindi. Bu maskanlarda o‘qigan ishsiz fuqarolar kasb-hunar o‘rganib, sertifikat oladi va ish asosida xorijda ham mehnat faoliyatini olib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Deputatlar kasb-hunar kollejlarining achchiq tajribasidan kelib chiqib, mono markaz va o‘quv markazlarida kasb-hunar o‘rgatish masalalariga jiddiy e’tibor qaratish, avvalo eng tajribali ustalarni topib, ularga munosib haq to‘lagan holda ishga jalb qilish zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, sessiyada viloyat hokimining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.Nurullayevning “Madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning ijrosini ta’minlash yuzasidan olib borilayotgan ishlari to‘g‘risidagi axboroti tinglandi. “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boshqaruvi qoshida tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak jamg‘armasi” mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Viloyat Kengashining bu galgi sessiyasida ham deputatlar faol qatnashdi. Har bir masala, ma’ruzachi chiqishi yuzasidan o‘z fikri, munosabati, hatto e’tirozini bildirdi. Xususan, hisobot beruvchilar tomonidan taqdim etilgan materiallaridagi kamchilik va xatolar ochiq aytildi.

Hisobot va axborot beruvchi mas’ullarning sessiyaga tayyorgarlik ko‘rib kelishi, sessiya materiallarining majlis paytida emas, bir necha kun avval deputatlarga berilishi va avval tegishli doimiy komissiyada atroflicha muhokama etilishi zarurligi ta’kidlandi.

Darvoqe, sessiya reglamentiga rioya etilmagani ham qayd qilindi. Majlis avvalida kun tartibi va reglamenti tasdiqlangan bo‘lsa-da, bunga amal qilinmadi. Jumladan, ma’ruza uchun 10 minut vaqt ajratilishi belgilab olinganiga qaramay, aksariyat hisobot beruvchilar buni unutib qo‘ydi. Balki keyingi sessiyalarda bu jihatlar inobatga olinar.

Muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan kengashning qarorlari qabul qilindi.