Axborot va hisobotlar tanqidiy muhokama qilindi
Xalq deputatlari viloyat Kengashining oltmish to‘rtinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyani Kengash kotibiyati mudiri Z.Karimov boshqardi.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali onlayn namoyish etilgan bu galgi sessiyada ham viloyat ijtimoiy-iqtisodiy hayoti bilan bog‘liq muhim masalalar muhokama qilindi. Turli soha va tarmoqlar rahbarlarining axborot va hisobotlari eshitildi.
Xususan, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i D.Jumaniyozovning viloyatda tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmati faoliyatini samarali tashkil etish borasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi chora-tadbirlar yuzasidan axboroti eshitilib, hududiy dastur tasdiqlandi.
Dasturda viloyatda tez tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirish, tizim moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, yuqori malakali xodimlar bilan ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilangan.
Viloyat hokimining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i O.Mirzabekovning viloyatda investitsiya sohasida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotida qayd etilishicha, joriy yilda viloyatda davlat va hududiy investitsiya dasturlari doirasida 787 ta investitsiya loyihasini ishga tushirish hisobiga 19428 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Yilning birinchi choragida umumiy qiymati 204 milliard so‘mlik 89 ta loyiha ishga tushirilib, 617 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
– Investitsiya sohasida yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda muammo va kamchiliklar ham mavjud, – dedi O.Mirzabekov. – Aksariyat hollarda infratuzilma ob’yektlarining o‘z vaqtida tashkil etilmasligi oqibatida investitsiya loyihalari belgilangan muddatda ishga tushirilmayapti. Masalan, Payariq, Past Darg‘om va Urgut tumanlaridagi kichik sanoat zonalarini tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan ta’minlash ishlari bugungi kunga qadar bajarilmaganligi sababli ushbu kichik sanoat zonalarida yaratilishi ko‘zda tutilgan 455 taga yaqin ish o‘rni yaratilmayapti. Xuddi shunday, “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari”da muhandislik-kommunikatsiya hamda yo‘l-transport infratuzilmasi yaratib berilmaganligi natijasida ushbu hududlarda investitsiya loyihalari boshlanmasdan qolmoqda.
Sessiyada davlatimiz rahbarining 2021 yil 10 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining viloyat uchinchi sektoridagi ijrosi yuzasidan ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i R.Mamatov hisobot berdi.
– Prezident qaroriga ko‘ra, 2022 yil davomida viloyat uchinchi sektori hududida 53 ta ob’yektni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari olib borilishi belgilangan, – dedi R.Mamatov. – Ushbu ob’yektlarni qurish uchun 273 milliard 627 million so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Ob’yektlarda ishning borishi o‘rganilganda, qurilish ishlarida buyurtmachining texnik nazorati hamda loyihachining mualliflik nazorati qoniqarsiz ahvolda ekanligi, natijada ob’yektlarda qurilish ishlari sifatsiz bajarilgani aniqlandi. Masalan, Past Darg‘om tumanida 23-umumiy o‘rta ta’lim maktabini mukammal ta’mirlash, Samarqand tumanidagi 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabini rekonstruksiya qilish ishlarida ko‘plab kamchiliklar aniqlandi. Bu kabi holatlar Nurobod va Urgut tumanlaridagi maktablar qurilishida ham kuzatildi.
Deputatlar qurilish ishlarining sifatsiz bajarilayotgani va ayrim qurilish tashkilotlaridagi e’tiborsizlik, nazoratsizlik ushbu haftada viloyat hokimligi apparat yig‘ilishida ham tanqidiy muhokama etilganini ta’kidlab, mazkur holatlar yuzasidan qurilishga mas’ul va nazoratchi tashkilotlar rahbarlaridan izoh so‘radilar. Bu borada nazoratni kuchaytirish va deputatlar yordamidan foydalanish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi elektron tender savdolariga yolg‘on ma’lumotlar kiritib, g‘olib bo‘lgan qurilish tashkilotlari faoliyatini o‘rganish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i A.Inog‘omovning soliq yig‘iluvchanligi, mahalliy byudjet prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishi, Samarqand shahri, Urgut va Ishtixon tumanlari, Juma va Chelak shaharchalaridagi savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, savdo markazlarida noqonuniy faoliyat ko‘rsatish, soliqdan qochish holatlarining oldini olish borasidagi ishlar yuzasidan hisoboti ham qizg‘in muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, birinchi chorak uchun byudjet daromadlariga 931,6 milliard so‘mlik tushum ta’minlanib, prognoz ko‘rsatkichi 108,7 milliard so‘m ortig‘i bilan bajarilgan. Viloyat mahalliy byudjeti daromadlariga prognoz ko‘rsatkichidan 87,1 milliard so‘m ortiq, ya’ni 790,7 milliard so‘mlik tushum ta’minlangan.
Ammo yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va byudjet daromadlarni oshirish maqsadida o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvlari hisobiga 98,9 milliard so‘m manbalar aniqlanib, byudjetga undirildi. Jumladan, 244 ta qurilish korxonasi 2 trillion 127 milliard so‘mlik bajarilgan ishlar hajmini hisobotlarga kiritmagani qayd etilib, 22,3 milliard so‘m miqdorida qo‘shimcha soliqlar hisoblandi.
Shuningdek, o‘rganilgan hududlardagi bozorlar va savdo komplekslarida ham soliq qonunchiligi buzilishi bilan bog‘liq holatlar aniqlanib, kamchiliklar bartaraf etildi.
Sessiyada ushbu yo‘nalishda deputatlar tomonidan viloyat hududidagi savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlarida olib borilgan o‘rganishlar haqidagi videolavha namoyish etilib, qayd etilgan kamchiliklar yuzasidan soliq organlari oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.
Kun tartibidagi navbatdagi masala – ajratilgan kredit mablag‘larining maqsadli ishlatilishi ustidan olib borilayotgan doimiy nazorat tadbirlari yuzasidan Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi rahbari O.Azimov axborot berdi.
Qayd etilishicha, bosh boshqarma tomonidan Past Darg‘om va Nurobod tumanlarida tanlov asosida 2690 mijozga ajratilgan 84,1 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar monitoring qilinganda Past Darg‘om tumanida 6 milliard 510 million so‘mlik 266 ta hamda Nurobod tumanida 540 million so‘mlik 25 ta imtiyozli kredit maqsadsiz sarflanganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar banklar, hokimliklar, ta’minotchi va mijozlar ishtirokida muhokama etilib, zarur choralar ko‘rilgan. Ammo shunga qaramay, boshqa hududlarda ham imtiyozli kreditlardan maqsadsiz foydalanish, kreditni o‘z vaqtida qaytarmaslik holatlari ko‘p kuzatilmoqda. O.Azimov bu borada deputatlar va jamoatchilikdan yordam so‘radi.
Deputatlar viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i I.Hamroyevning viloyatda transport xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda belgilanadigan vazifalar to‘g‘risida hisobotini ham tanqidiy muhokama qildi. Bugungi kunda viloyatda transport xizmati ko‘rsatish, jumladan, jamoat transportida ko‘plab muammolar borligi ta’kidlanib, rahbardan izoh so‘raldi.
Sessiyada Kengash vakolatiga tegishli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, qarorlar qabul qilindi.