Ayol nega o‘z joniga qasd qildi?
Samarqand viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi hamda viloyat prokuraturasi hamkorligida o‘tkazilgan yig‘ilishda shu masalalar muhokama etildi.
Samarqand viloyat hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova xotin-qizlarning o‘z joniga qasd qilishi sabablari haqida to‘xtalar ekan, bu masalada oilaviy kelishmovchiliklarning ham o‘rni kattaligini ta’kidladi. Shu bilan bir qatorda, ayolning ma’naviy dunyoqarashini shakllantirishda bu e’tiborni ta’lim muassasalaridan boshlab, barcha tashkilotlardagi boshlang‘ich xotin-qizlar tashkilotlari mas’uliyatini oshirish vazifasiga to‘xtaldi.
Shuningdek, yil davomida xotin-qizlar qo‘mitalari tomonidan olti mingga yaqin og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarning ro‘yxati shakllangani, ularga zarur ko‘mak belgilanganligi ta’kidlandi. 321 nafar jinoyatga moyil bo‘lgan va jazoni ijro etish muassasasidan qaytgan xotin-qizlarga murabbiylar biriktirilib, ijtimoiy ahvoli bo‘yicha so‘rovlar olib borilgan. Ijtimoiy reabilitatsiya va moslashtirish markazlari tomonidan 359 nafar xotin-qizlarning murojaatlari ko‘rib chiqilib, 50 nafariga psixologik, 45 nafariga huquqiy va boshqa yordamlar ko‘rsatilgan, 41 nafarining bandligi ta’minlangan, 96 oila yarashtirilib, 46 nafar shar’iy nikohda yashayotganlarning nikohi qonuniylashtirilgan. Ammo…
- Viloyat prokuraturasi tomonidan xotin-qizlar o‘rtasida o‘z joniga qasd va suiqasd qilish holatlari o‘rganilib, tahlil etilgan, - deydi viloyat prokuraturasi prokurori S.Karimov. - Bu salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan yig‘ilishlar o‘tkazilib, mutasaddilarga tegishli vazifalar berilgan. Shunga qaramay, ayollar orasida oilaviy muammolar oqibatida ma’naviy tushkunlikka tushish, qattiq asabiylashish, moddiy qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. Ayniqsa, o‘z joniga qasd qilish holati Oqdaryo, Past Darg‘om, Samarqand, Toyloq, Payariq, Narpay tumanlarida oshgan.
Yig‘ilish davomida bu masalada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar muhokama etildi.
Gulruh MO‘MINOVA.