Ayrim hududlarda archa yonib ketishi haqidagi xabarlar ortidan FVB uni o‘rnatishning texnik qoidalarini eslatdi

Illyustrativ foto

“Yangi yil archasi”ni o‘rnatishda texnik talablarni to‘liq bajarilmasligi oqibatida so‘nggi yillarda respublikamiz hududi ochiq maydonlarida barpo etilgan sun’iy archalarning yonib ketishi yoki kuchli shamol oqibatida qulab tushish holatlari kuzatilgan.

Xususan, ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarda keltirilishicha, respublikamizning Navoiy va Farg‘ona viloyatlarida sun’iy archalar yonib ketgan, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarida esa qulab tushgan.

Shu sababli, “Yangi yil” bayramini kutarinki ruh, yuqori saviyada va xavfsiz o‘tkazilishini ta’minlash hamda yuqorida keltirilgan noxush holatlarning oldini olish borasida “Yangi yil archasi”ni o‘rnatishda quyidagi texnik talablarni bajarish orqali erishish mumkin.

Xususan:
- “Yangi yil archasi”ni ochiq (keng) maydonda o‘rnatish;

- archa o‘rnatiladigan maydon atrofida toifalangan, kimyoviy, radiatsion yoki yong‘in-portlash xavfi mavjud ob’yektlar bo‘lmasligiga alohida e’tibor qaratish;

- maydon yaqinidan yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va yuqori bosimli gaz quvurlari o‘tmagan bo‘lishi;

- maydon yaqinida yirik konstruksiyali nomustahkam ob’yektlar mavjud bo‘lmasligi;

- maydon yaqinida ochiq suv havzalari, ko‘priklar, balkonli inshootlar bo‘lmasligi;

- archa konstruksiyasining ichki maydonida bezaklar va boshqa yonuvchan buyumlarni saqlanishiga yo‘l quymaslik;

- archani bezatishda yonuvchan va sintetik materiallardan tayyorlangan uyinchoqlardan hamda yonish xususiyatini pasaytiruvchi tarkib bilan ishlov berilmagan paxta momiqlaridan foydalanmaslik;

- bayram tadbirlarning dasturiga (ssenariyga) ochiq olov va alanga effektli (sham, mash’al, pirotexnika mahsulotlari), yong‘inga olib kelishi mumkin bo‘lgan bengal olovlari va paqildoqlardan foydalanish bilan bog‘liq chiqishlarni kiritmaslik;

- qurilish, elektr uskunalari, yoritgichlar va boshqa bezak turlari o‘rnatilgach, yangi yil bayrami archasining pastki konstruksiyasini kamida 1 metr balandlikda to‘siq bilan o‘rash;

- yong‘in va portlash xavfi zonalari va atrof-muhit sharoitlari sinfiga qarab kabellar, elektr simi, elektr dvigatellari, lampalar va boshqa elektr uskunalaridan foydalanishning to‘g‘riligi, shuningdek, qisqa tutashuv, yuklanish, ichki va atmosfera yuqori kuchlanishlariga qarshi himoya qurilmalaridan to‘g‘ri foydalanish.

Boshqarma tomonidan shu kabi qator texnik qoidalar eslatib borilmoqda.