Banklarni xususiylashtirish boshqaruvning zamonaviy standart va usullarining joriy etilishiga zamin yaratadi

Prezidentimizning Parlamentga murojaatnomasida yurtimizda bank tizimini rivojlantirish borasida ham bir qator fikrlarni bildirib o‘tdi. Jumladan, banklarni transformatsiya qilish ishlari, ularning faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etishni yanada faollashtirish lozimligi ta’kidlandi.

Global pandemiya «mobil banking» va «raqamli banking» tamoyillariga asoslangan biznes-modellarini joriy etishning ahamiyati makroiqtisodiy ham banklar, ham bank xizmatlari iste’molchilari uchun nechog‘lik yuqori ekanligini yaqqol ko‘rsatib berdi.

2020 yil banklar tomonidan ko‘rsatilgan “raqamli banking” xizmatlari hajmi ortdi. Xususan, Samarqand viloyatida ajratilgan “onlayn” kreditlar hajmi 20 milliard so‘m, mobil ilovalar orqali joylashtirilgan depozitlar hajmi 70 milliard so‘m, mobil ilovalar orqali ko‘rsatilgan xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi 500 ming AQSh dollaridan oshdi. Avtomatlashgan valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali 3,3 million AQSh dollari sotilib, 400 ming AQSh dollaridan ko‘proq mablag‘ xarid qilindi. Ammo bu raqamlar umumiy portfel va xizmatlar hajmida juda ham kichik ulushni tashkil etadi. Shundan kelib chiqib, 2021 yil viloyatda bank xizmatlari ko‘rsatishda axborot texnologiyalari, raqamli banking texnologiyalarini keng joriy etish orqali masofaviy xizmatlar ko‘lamini oshirish eng ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi.

Bundan tashqari, Murojaatnomada “Sanoatqurilishbank”, “Asakabank”, “Ipotekabank”, “Aloqabank”, “Turonbank” hamda “Qishloqqurilishbank”ni xususiylashtirishga tayyorlash, kamida bitta yirik bankdagi davlat ulushi strategik investorlarga to‘liq sotilishi belgilandi.

Viloyatda ham yuqorida qayd etilgan 6 ta bankning 9 ta filiali mavjud. “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ga muvofiq iqtisodiyotni, shu jumladan, bank tizimini rivojlantirish va liberallashtirish borasida bir qator islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Natijada chet el banklarining O‘zbekiston bozoriga kirishga xohishi ortmoqda. Xususan 2019 yilda yirik moliyaviy guruhlardan bo‘lgan Qozog‘istonning “Halyk Banki”ning “Tenge Bank” sho‘’ba banki, 2020 yilda esa Gruziyaning “TBC Banki” yurtimizda o‘z faoliyatini boshladi. 2020 yil dekabrda “Tenge Bank”ning bank xizmatlari markazi Samarqandda ham ish boshladi.

Bank sohasidagi hozirgi holat tahlili davlat ishtirokidagi banklarda menejment va tavakkalchiliklarni boshqarish sifatining yetarli emasligi, ular iqtisodiy yangilanishlar va jamiyat ehtiyojlariga mos ravishda rivojlana olmayotganligini ko‘rsatmoqda.

Moliya muassasalarini xususiylashtirish, davlat ulushini strategik investorlarga sotilishi ularning iqtisodiyotda moliyaviy vositachilikning yuqori darajasiga chiqishiga, ularda boshqaruvning zamonaviy standart va usullarining joriy etilishiga zamin yaratadi, raqobatbardoshligini va moliyaviy barqarorligini ta’minlaydi.

Sherzod SUVONQULOV,

Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.