Barcha soliq stavkalari Soliq kodeksi bilan belgilanadi

Oqdaryo tumani hokimligida 2021 yilda soliq sohasidagi o‘zgarishlar bo‘yicha seminar o‘tkazildi. Unda tumanda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlari vakillari, hisobchilar ishtirok etdi.

Tadbirda Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi xodimlari joriy yilda soliq qonunchiligiga qanday o‘zgarish va yangiliklar kiritilgani, soliq stavkalari va ularni belgilash tartib-taomili xususida to‘xtalib o‘tdi.

Endilikda barcha soliq turlari bo‘yicha soliq stavkalari Soliq kodeksi bilan belgilanishi ta’kidlandi. Mazkur jarayonda aksiz solig‘ining stavkalari, mahsulot narxi dinamikasi va uni realizatsiya qilish, jumladan, import qilish hajmidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan yil davomida qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi qayd etildi.

–  Qat’iy belgilangan miqdorlardagi soliqni to‘lovchilar uchun soliq stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilandi, – deydi Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi xodimi Valisher Temirov. – 2020 yilda amalda bo‘lgan soliq stavkalari joriy yilda ham saqlanib qolingani e’tiborga molik. O‘zbekiston Respublikasining “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunida nazarda tutilgan, ushbu soliq stavkalari qo‘llanilishi bilan bog‘liq alohida normalar Soliq kodeksiga o‘tkazildi. Bundan tashqari, yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslardan olinadigan soliq to‘lov manbaida soliq agenti – yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan soliq to‘lovchiga daromad to‘langanda hisoblab chiqarilishi va ushlab qolinishi belgilandi.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.