“Bartaraf etildi”, deya yolg‘on ma’lumot berilaveradimi?
Joriy yilning 28 yanvarida saytimizning "Kim qiladi-ya, shuginani-ya?!" rukni ostida Samarqand shahri Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi, "Nihol" restorani oldidagi ichimlik suvi quvurining yorilishi oqibatida ichimlik suvi isrof bo‘layotgani haqida xabar bergandik.
Oradan 9 oy o‘tgan bo‘lsa hamki, bu muammo haligacha to‘liq bartaraf etilmabdi. Vaholanki, o‘sha payt soha mutasaddilari “muammo bartaraf etildi” deb ma’lumot berishgandi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi, bu kabi yolg‘on ma’lumot berishdan kim manfaatdor? Shuncha vaqtdan buyon behuda oqayotgan suvning hisobini kim qiladi?
Qolaversa, ushbu ko‘chaning 200 metrdan ortiq qismi kovlanib, ichimlik suvi uchun quvur tashlanyapti. Ammo ishlar oxiriga yetkazilmasdan, chala qoldirib ketilgan. Ali Qo‘shchi va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasida kovlangan chuqur ochiqligicha qoldirilgani yetmagandek, undan chiqayotgan toza suv oqava suv quvuriga boshqarib qo‘yilgan.
Yana taklorlaymiz, "Suvoqava" ishlab chiqarish korxonasi Samarqand shahar bo‘limi mas’ullari yoki tegishli mutasaddilar bu muammoni qachon bartaraf etisharkan?
Baxtiyor MUSTANOV.