Beshyog‘ochliklar qachon toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi?

Urgut tumanidagi mahallalar faoliyati, moddiy-texnik bazasi holatini o‘rganish chog‘ida Beshyog‘och mahalla fuqarolar yig‘inida ham bo‘lib, rais va faollar bilan suhbatlashdik.

Ishlash, aholini qabul qilish uchun kerakli sharoit yaratilgan mahalla markaziga borganimizda bu yerda “Agrobank” tuman filiali xodimi kelib, kredit olish niyatida bo‘lgan beshyog‘ochliklarga ma’lumot berayotgani ustidan chiqdik.

Mahallaning Fayziobod hududida yashovchi Qiyomiddin Primov kredit olib, o‘z oilasi va qo‘ni-qo‘shnilar uchun artezian qudug‘i kovlatmoqchi ekanligini bildirdi. Buning sababini so‘raganimizda xonadoni tomon boshladi.

Beshyog‘och mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Farrux Meliboyevning aytishicha, mahalla aholisi ichimlik suvini ham, ekinlarni sug‘orish uchun suvni ham qo‘shni qishloqlar bilan navbat asosida olar ekan. Tog‘dagi buloqdan va “Darg‘om-1” nasos stansiyasidan suv chiqarib beriladi. Lekin bu tarmoqni ham aholi, fermerlar ko‘p joyidan teshib olgani sababli qishloqning oxirgi tomorqalarigacha suv yetib bormaydi.

Ko‘p idoralarga murojaatlardan keyin o‘tgan yil mahallada ikkita artezian qudug‘i qazilgan. Suv chiqarilgan, ammo ish yakuniga yetkazilmagan. Natijada hozir artezian yarim soat suv chiqaradi-yu to‘xtab qoladi. Yuzdan ortiq xonadonga shu suvdan boradi. Qolgan 600 dan ko‘proq xonadon ariq va hovuzdan suv ichadi.

Bugun barcha hududlarda mahallabay ishlash, xonadonma-xonadon yurish amaliyoti joriy etilgan paytda joylarda suv bilan bog‘liq shunday muammolar borligi aytilsa, ishonishingiz qiyin, ammo ko‘rganimiz haqiqat. Bu suratlarda ham aks etgan. Faqat bu haqiqatni mas’ullar ham ko‘rib, tegishli xulosa chiqarishsa bo‘lgani.

Husan Hushyor.