Bir shikoyat izidan: Boyqishloqliklar muammo hal etilgunicha ariqdan suv ichadimi?

Tahririyatimizga Urgut tumani Sariqtepa mahallasi Boyqishloq qishlog‘ida yashovchi fuqarolardan shikoyat arizasi keldi. Unda, jumladan, shunday deyiladi:

- Bizni ichimlik suvi muammosi qiynaydi. Ko‘p yillardan buyon tog‘ bag‘ridan chiqadigan, odamlar tilida Ko‘rbuloq nomi bilan aytiladigan chashma suvidan foydalanamiz. Yomg‘ir-qor ko‘p yoqqan yillari bu chashmada suv ko‘payib, aholi ehtiyojini qondirib turadi. 1970 yilgacha qishloqda aholi kam bo‘lgani uchun suv yetarli edi. Ammo keyingi yillarda qishloq kengayib, yog‘ingarchilik kam bo‘layotgani tufayli qishloq aholisiga toza ichimlik suvi yetmayapti. Gohida suv yo‘qligidan aholi ariqdagi suvdan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.

Murojaatni o‘rganish uchun Sariqtepa mahallasida bo‘ldik.

- Yoshim 82 da, esimni taniganimdan buyon shu chashmadan suv ichamiz, - deydi Abdualim Hasanov. – Keyingi paytda qishlog‘imizdagi 340 xonadonni ichimlik suvi muammosi qiynayapti. Ayniqsa, biz kabi asosiy daromadi bog‘dorchilik va chorvachilik bo‘lgan aholi uchun suv yo‘qligi eng katta muammo. Qishloqdan 300 metr narida zaxira hovuzda doimiy suv bor, ammo u faqat ishlab chiqarish korxonalariga beriladi. Shu hovuzdan, hech bo‘lmasa, 3 joydan aholi uchun suv chiqarib berishsa muammoga yechim topilardi.   

Haqiqatan ham odamlar ust-boshi yupun bo‘lsa chorasini topadi, elektr bo‘lmasa sham yorug‘idan foydalanadi, ammo suv bo‘lmasa bunga chora topish mushkul.

- Mahallamizda 5 750 dan ortiq aholi, 1 270 oila bor, - deydi Sariqtepa mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Chorsha’m Murodov. – 2018 yilda “Obod qishloq” dasturi asosida 4,3 kilometr ichki yo‘lga tosh to‘shaldi, 80 foiz eski simyog‘ochlar yangisiga almashtirildi, 6 ta suv inshooti qurildi. Lekin yuqoriroqda joylashgan Boyqishloq e’tibordan chetda qoldi. Bu qishloq Ko‘rbuloq chashmasidan suv ichadi. Aholi hashar yo‘li bilan chashmadan 3 kilometr masofaga quvurlar bilan suv keltirgan, lekin yoz faslida buloq suvi kamayib ketishi tufayli aholiga suv yetmay qoladi. Qolaversa, 116 gektar tomorqa maydonining 70 gektarga yaqini ham shu chashma suvidan sug‘oriladi. Bu masalada yordam so‘rab viloyat “Suvta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati Urgut tumani filialiga va boshqa mas’ul idoralarga ham murojaat qildik. Lekin natija yo‘q.

Bu yil ham yog‘ingarchilik kam bo‘lganligi uchun chashma suvi aholi iste’moliga yetmayapti. Shu bois, bir necha kun avval qishloq odamlari bilan maslahatlashib, 5-10 ta xonadon oldida qo‘yilgan suv taqsimlash nuqtalarini yopib, har 15-20 xonadonga bir joydan suv olishni tashkil qildik. Lekin bu ham vaqtinchalik chora. 

Qishloq ichidagi bir necha xonadonga mo‘ljallangan suv chiqish nuqtalarining ayrimlari tosh devor qilingan, ayrimlariga lotoklar qo‘yilgan. Lekin barchasining usti ochiq. Ba’zi nuqtalarda ortiqcha suv yo‘lga oqyapti, ayrimlar suvni tomorqaga to‘g‘rilab qo‘ygan, birorta suv chiqish nuqtasida jo‘mrak qo‘yilmagan. Ko‘rbuloq chashmasi ham antisanitariya holatida, lekin aholining shu chashmadan boshqa suv manbai yo‘q.

- Boyqishloqdagi ichimlik suv muammosi bo‘yicha murojaatlar bo‘lgan va buni o‘rganib chiqqanmiz, - deydi “Suvta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati Urgut tuman filiali mutaxassisi To‘lqin Gadoyev. – Hozircha aholi ehtiyojini hisobga olib jadval asosida suv berilishi tashkil etildi. Suv bilan ta’minlash bo‘yicha mazkur qishloq aholisi bilan hech qanday shartnoma tuzilmagan va ular ham suv uchun hech qanday to‘lov to‘lamaydi. Lekin aholining suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun qariyb 1 milliard so‘mlik loyiha ishlab chiqildi. Bu yerda yer osti suvlari sathi juda pastda joylashganligi tufayli suv inshooti qurish mushkul. Shu bois, smeta asosida joriy yilning ikkinchi choragida chashma atrofida 200 kubometr sig‘imli hovuz qilinadi. Bu chashma suvini to‘plash va yoz paytida ham aholini suv bilan ta’minlash imkonini beradi. Ungacha har bir suv chiqish nuqtasida kichik hovuzchalar qurish, suv zaxirasini ta’minlash, quvurlarga jo‘mrak o‘rnatish bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Hozirda buloqdan soatiga 7-8 litr suv chiqadi, suv chiqish joyi esa abgor holda, tuproq yemirilishi natijasida chashma ko‘milib qolmoqda. Mahalla faollari kelishgan holda chashmaning atrofini beton bilan himoyalash, suv taqsimoti, tozalik va sanitariyasi uchun mas’ul kishini tayinlash lozimligini tushuntirdik.

Suv - bebaho ne’mat. Ayniqsa, ichimlik suvi tanqis joyda yashovchilar uning qadrini yanada yaxshi biladi. O‘ylaymizki, tuman mas’ullari va’dasining ustidan chiqadi va Boyqishloqda suv muammosiga ijobiy yechim topiladi.

O‘ktam Xudoyberdiyev,

Husan Eltoyev.