Bitta g‘isht qo‘ydingmi maydonlariga?

Bugun taniqli yozuvchi va shoir, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abdusaid Ko‘chimov tavallud topgan kun.

A.Ko‘chimov 1951 yil 15 may kuni Urgut tumanida tug‘ilgan.

1972 yil Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini «O‘qituvchi» nashriyotidan boshlagan. Keyinchalik "Lenin uchquni" gazetasida, “Sharq yulduzi” jurnalida, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi va boshqa qator mas’ul lavozimlarda ishlagan.

Yigirmaga yaqin she’riy va nasriy kitoblari chop etilgan.

2017 yildan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori lavozimida ishlab kelmoqda.

«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist» unvoni, «Mehnat shuhrati» ordeni hamda «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.

***

BOBOLARI

— E, bu falonchining nabirasimi?

Bobosi mard edi, bag‘ri keng, o‘ktam.

Unisinikini… eslayolmadim,

Biz ham qarib-churub qoldik-da, bo‘tam.

Qarang, ketganiga yuz yil bo‘lsa ham

“Falonchi” bobomiz o‘lmagan edi.

“Unisi” dunyoni tark etganiga

Hali ikki yil ham bo‘lmagan edi…

O‘ZBEK NEGA UXLAMAYDI?

Hazil

O‘zbegimning tantanayu to‘ylari ko‘p:

Yugur-yugur shomu sahar to‘xtamaydi.

Yarmi bedor — elu yurtga osh beray deb,

Yarmi esa — osh yeyman deb uxlamaydi.

TILAK

Toabad porlasin ko‘zing — yulduzing,

Hamisha bek bo‘lgin o‘zingga o‘zing.

Mayli, bu dunyoga to‘ysang to‘y, faqat,

Faqat go‘zallikka to‘ymasin ko‘zing.

JAVOB

Bir nihol ekdingmi Vatan bog‘iga,

Mehringni to‘kdingmi cho‘l, yantog‘iga,

Gullarga chang-g‘ubor qo‘ngan chog‘ida

Arta biloldingmi chang-u g‘uborni –

Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?

 

Bitta g‘isht qo‘ydingmi maydonlariga,

Bir vassa o‘ydingmi ayvonlariga,

Bir misra qo‘shdingmi dostonlariga,

Kurab tashladingmi tomlardan qorni –

Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?

 

Kimdir uzib ketsa dilbar gullarni,

Kimdir buzib ketsa sarvar yo‘llarni,

Kimdir ezib ketsa muztar dillarni,

Duosin oldingmi mehrga zorni –

Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?

 

Urush-janjallarga xamirturushlar,

Illatfurushlar-u, millatfurushlar,

Afif osmoningga qilsa xurujlar,

Hosud haqirlarga tikdingmi dorni –

Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?

 

Javobing bo‘lmasa mumtoz-mukammal:

Qo‘lingda zulfiqor, belingda kamar,

Duldul tulporingga yor bo‘lsa qamar —

Yo‘ldoshing sab’ai sayyor bo‘ladi,

Muqaddas javobing tayyor bo‘ladi.

Akram Haydarov.