Bizga piyodalar yo‘lagi kerak emasmi?

Bunday savol qo‘yishimizning boisi bor, albatta. Viloyatimizdagi shahar va qishloqlarni obod qilish, yo‘llarni ta’mirlash paytida darrov bu savol yuzaga chiqadi. Sababi – Samarqand shahridan boshlab olis tumanlardagi qishloqlargacha ko‘ring, yo‘laklar yo‘qolib ketgan. Birov hovlisiga qo‘shib olgan, kimdir panjara bilan o‘rab, “bog‘” yaratib qo‘ygan. Yana ko‘pchilik yo‘lakka chiqarib savdo yoki xizmat ko‘rsatish do‘koni qurib olgan.

Buni shu hududda yashovchi aholi ham, mahalla ham, boringki, hudud rahbarlari ham biladi. Lekin hech kim “Hoy birodar, nega bunday qurilish qilyapsan, yo‘lakka chiqib ketding-ku” demaydi. Qo‘shnimiz, mahalladoshimizga yomon qo‘rinishni istamaymiz. Natijada o‘sha qo‘shni “yo‘li”ni tutib ertaga ikkinchisi, uchinchisi shu taxlit qurilish qiladi, hovlisi, darvozaxonasi atrofini kengaytirish harakatiga tushadi. Qarabsizki, yo‘lak o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketadi.

Keyin yana o‘sha odamlarning o‘zi to‘rt kishi bir bo‘lgan davrada yo‘llarning tor bo‘lib qolgani, piyodalar yurishi uchun joy yo‘qligidan nolib gapiradi.

To‘g‘risi, ba’zi joylarda yo‘lakdan yurish kerakligini esdan ham chiqarib yubordik.

Shahar va tumanlar markazlarida esa keyingi paytda yer, joy talashib, savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari qurish shunchalik avj olib ketdiki, ko‘p hollarda qaror qabul qilishda qizil chiziq, piyodalar yo‘lagi, ijtimoiy soha ob’yektlari va aholi uy-joylarining atrofi, degan tushunchalar e’tiborga olinmayapti.

Masalan, Samarqand shahrining Buyuk Ipak yo‘li, Gagarin ko‘chalarida yo‘lning ikki tomoni ham avtomashinalar bozoriga aylanib qolgan. Yo‘l chetidagi ko‘p qavatli uylarning tagigacha restoran, kafe, savdo do‘konlari qurib tashlangan. Savdo do‘konlari esa mahsulotini yo‘laklarga qo‘yib olishga odatlangan. Keyingi paytda Amir Temur, O‘zbekiston, Firdavsiy, Ali Qushchi, Sartepa ko‘chalarida ham shunday holat kuzatilmoqda.

– Samarqandga rahbar bo‘lib kelib hayron qolgan holatlarimdan biri shu bo‘ldiki, shahar va tuman markazlarida ham, qishloqlarda ham piyodalar uchun yo‘laklar yo‘q, borlari esa talabga javob bermaydi, – dedi ikki yildan buyon viloyatga hokimlik qilayotgan E.Turdimov yaqinda o‘tkazilgan yig‘ilishda. – Shahar va tumanlar markazlarida har bir qarich yer hisobli, shuning uchun garchi tartiblarga zid bo‘lsa-da, bu joylardan ham tadbirkorlik qilib pul topish maqsadida odamlar shunday yo‘l tutgan desangiz, qishloqlarda ham yo‘laklar egallab olingan. Hatto, viloyat hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatga ega yo‘llar chetida ham talabga javob beradigan piyodalar yo‘laklari mavjud emas. Yo‘laklar, avvalo, o‘zimizning, farzandlarimizning xavfsizligi uchun zarurligini qachon anglab yetamiz? 

Shu kunlarda Samarqand shahridagi bir qator ko‘chalar yangi kommunikatsiya tarmoqlari tortilishi yoki ta’mirlanishi munosabati bilan kovlangan. Bu yo‘llarda transport vositalari qatnovi cheklangan yoki nihoyatda tig‘iz bo‘lib qolgan. Ayrim yo‘llarda piyodalar harakatlanishi ham muammoga aylanmoqda. Chunki bu yo‘llar chetida piyodalarning emin-erkin yurishi uchun piyodalar yo‘lagining o‘zi yo‘q. Mazkur holatlar keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokama bo‘lmoqda.

Ikki kun oldin viloyat hokimi E.Turdimov vaziyatni o‘zi o‘rgandi. Kechki payt ko‘chalarni piyoda aylanib, yo‘llar va ular atrofidagi qurilishlar bilan tanishdi. Ertalab masala tegishli mutasaddilar ishtirokida muhokama etildi.

Hokimlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, viloyat hokimi Samarqand shahar va Samarqand tumani yo‘llarida olib borilayotgan ishlarini tanqid qildi. Yo‘llarda qazish ishlarini amalga oshirishda xalq fikri o‘rganilmaganligi, ushbu yumush bilan shug‘ullanayotgan tashkilotlar o‘rtasida hamjihatlik yo‘qligi qayd etildi. Shu sababli bu ishlarga mas’ul korxona va tashkilot rahbarlari qat’iy ogohlantirildi. Viloyat hokimining o‘rinbosari, tuman va shahar hokimlari esa ular faoliyatini muvofiqlashtirishda xatoliklarga yo‘l qo‘yayotganligi ta’kidlandi. E.Turdimov qisqa fursatlarda barcha ko‘chalarda harakatlanish uchun fuqarolarga ham, haydovchilarga ham qulaylik yaratish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Keyingi yillarda “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Obod markaz” dasturlari asosida yurtimizdagi mahalla va qishloqlar, tuman markazlari zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lmoqda. Ushbu hududlardagi aholi xonadonlari deysizmi, maktab va tibbiyot muassasalari-yu madaniyat maskanlarimi, yo‘llar, suv, gaz, elektr tarmoqlari – barcha-barchasi ta’mirlanib, yangidan buyond etilmoqda. Zamon talablariga mos shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu ishlar birovga ko‘z-ko‘z qilish uchun emas, birinchi navbatda shu hududda yashovchi aholiga qulaylik yaratish, ularning turmush madaniyatini oshirish maqsadida amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda shu paytgacha umuman asfalt ko‘rmagan, tosh to‘shalmagan tuproq yo‘llar yangicha ko‘rinishga ega bo‘lmoqda. Albatta, bu yo‘llar chetida piyodalar yo‘laklari tashkil etilmoqda.

Samarqand shahrining Farhod shaharchasi, Nurobodning Jom, Qo‘shrabotning Jo‘sh qishloqlari, Paxtachi tumani markazi yoki boshqa tumanlardagi obod qishloq, obod mahallalarning kechagi va bugungi qiyofasini bir ko‘z oldingizga keltiring. Qanday qulay, ko‘rgan ko‘z quvonadigan manzara. Ko‘rib havas qilamiz-ku, shunday qulaylik yaratishga o‘zimiz ham intilaylik. Hech bo‘lmaganda bu ezgu ishga xalaqit qilmaylik.

G‘olib HASANOV.