“Biznes-plan qilib beraman!”: Ijtimoiy tarmoqlarda yangi firibgarlik paydo bo‘lgani aytilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pincha yozib qolishadi: “15 000 dollar bilan nima ish boshlasam bo‘ladi?”, “Biznes-loyiha kerak, 7 000 dollar bilan ish boshlamoqchiman”... Endi esa, aftidan, biznes sohasiga kirib kelayotganlar ana shunday yoshlarni “ovlash” bilan shug‘ullanuvchi firibgarlar ham paydo bo‘lmoqda. Ijtimoiy tarmoq faollari bu haqda fikr mulohazalarni bildirmoqda.
Chiroyli va hashamatli ofis, qimmatbaho mashina va buyumlar, mashhur biznes egalari bilan birgalikda tushgan rasmlar. Ko‘pincha mana shuning o‘zi ham yangi “biznes hamkor”ga nisbatan ishonch uyg‘otishi mumkin. Ammo ayrim sodda yoshlar bilmaydiki, bularning bari atigi yarim soatga kelishilgan ijara, suratlar esa fotomontaj, deydi foydalanuvchilardan biri.
Jumladan, ijtimoiy tarmoq faollaridan biri Xayrulla Mamasoliyev o‘z sahifasida shunday yozadi:
“Investor izlab yurgan yoshlarga!
O‘rtoqlar, biznes-loyiha yoki biron g‘oya bilan yurgan yoshlar! Tadbirkorlikni boshlamoqchi ekansiz, biznes-plan qilish, konsultatsiya olish va boshqa narsalarda ucharmon "investor"lar topib beradigan "akaxon"lar chiqib qolishi mumkin!
Siz bilan gaplashib g‘oyangizni o‘g‘irlamaydi. Investor topib beraman, kredit hal qilib beraman, deb sizdan pul shilishni boshlaydi. Chiroyli ofis yoki gostinitsaga chaqiradi (yarim soatlik arenda) katta-katta odamlar bilan tushgan rasmlarini ko‘rsatib (fotoshop) ko‘cha tilida ham “lyuboy problema"ni hal qilib beraman, deydi. Mana hamma hujjatlar “na starte” hozir 10 000 dollar tashlasang 20 kun ichida 50 000—100 000 dollar kreditni yoki investitsiyani hal qilib beraman, deydi.
Boshqa invest loyihalarni ko‘rsatib mana shuni men hal qilganman, deydi. Nima qilib bo‘lsa ham pulingizni olishga harakat qiladi. Pulni bergandan keyin ana kelayapti, mana kelayapti, deb yana 2000-3000 mayda-chuyda qilib oladi! Bular ham anavu Afrikada o‘lib qolgan millioner tog‘angizning advokatiga o‘xshagan odamlar. Pulingizni hech qaysi yo‘l bilan qaytarib ololmaysiz! Pul berib shaharma-shahar qatnab yurgan biznesmenlarni ko‘rib va yana firibgarlarda 2-3 ta Samarqanddagi loyihalarni ko‘rib bu mavzuda yozishga qaror qildim.
Ehtiyot bo‘ling va hamisha ishning qonuniy tomonini ko‘ring!”