BMT global falokat haqida ogohlantirdi va aybdorlarni ko‘rsatdi

Osiyo va Afrikaning qashshoq mamlakatlari tufayli iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash xavf ostida qolmoqda, dedi BMT Atrof-muhitni muhofaza qilish dasturining UNEP transport bo‘limi boshlig‘i Rob de Yong Bloomberg agentligiga.

Rasmiyning ta’kidlashicha, insoniyatni global falokatdan qutqarish aynan shu davlatlarga bog‘liq, chunki ularning aholisida elektromobil sotib olish imkoniyati yo‘q.

"Agar biz faqat AQSh, Finlandiya va Gollandiyaga elektromobillar olib kelsak, iqlim bo‘yicha Parij kelishuviga erisha olmaymiz. Kam va nol emissiya (atmosferaga zararli gaz chiqarish)li avtomobil past va o‘rta daromadli mamlakatlarga ham yetkazib berilishi kerak", dedi de Yong.

U hozirgi vaziyat uchun javobgarlikning bir qismini avtomobil va mototsikl ishlab chiqaruvchilari zimmasiga yuklab, odamlar arzon va ekologik toza transport vositalariga muhtojligini hamda e’tiborni faqat boy xaridor yoki rivojlangan mamlakatlar qaratishlari noto‘g‘ri ekanligini ta’kidladi.

Maqolada 1751 yildan 2017 yilgacha Afrika va Janubiy Amerika dunyo bo‘yicha issiqxona gazlari chiqindilarining atigi 3 foizini tashkil qilgan tadqiqot natijalari keltirilgan. 2019 yilda esa Afrika atmosferaga 1,43 milliard tonna, Janubiy Amerika 1,1 milliard tonna, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari 2,9 milliard tonna karbonat angidrid tashladi.

De Yong ta’kidlashicha, kambag‘al mamlakatlarda aholi sonining ko‘payishi tufayli, yaqin kelajakda zararli chiqindilar miqdori oshadi. Misol uchun, Keniyada bu ko‘rsatkich 2005 yildan beri ikki barobar oshdi. Poytaxti Nayrobidagi avtopark 8 yil ichida sakkiz barobar o‘sdi. Eng mashhur yoqilg‘i esa - dizel.