Bog‘cha bolaga vaqtincha qarab turadigan muassasa emas, ta’lim-tarbiya beradigan maskan
Avval xabar qilganimizdek, Samarqand viloyat Matbuot uyida Payariq tumani hokimi D.Musinov ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda tumanda bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, tumanda 2019 yil boshida bog‘cha yoshidagi bolalarning 19,7 foizi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olingan. Yil davomida 45 ta davlat, 1 tasi davlat-xususiy sheriklik asosidagi, 1 ta nodavlat va 104 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etilib, 10 ming 400 nafardan ortiq bola bog‘chaga jalb etilgan. Natijada yil yakunida qamrov 45,5 foizga yetgan.
Ayni paytda esa tumanda 172 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda va bugunga kelib, 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 50,5 foizi mazkur tizimga qamrab olingan. Yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 59,3 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
– O‘tgan yil investitsiya dasturi asosida tumanimizning qishloq hududlarida oltita maktabgacha ta’lim tashkiloti kapital rekonstruksiya qilinib, zamonaviy qiyofaga ega bo‘ldi, – dedi D.Musinov. – “Obod qishloq” dasturi asosida Xalqobod mahallasidagi 38-sonli bog‘cha kapital rekonstruksiya qilingan bo‘lsa, Tomoyrotdagi 43-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti yangidan bunyod etildi. Bu yil esa dastur bo‘yicha Qumchuq, Gulzor va Navoiy mahallalarida har biri 120 o‘rinli uchta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.
Viloyat xokimi va ikkinchi sektor rahbari tashabbusi bilan tog‘li hududda joylashgan G‘allakor mahallasida 120 o‘rinli 36-bog‘cha tashkil qilinib, hozirgi kunda 200 nafar bolajonlar ta’lim-tarbiya olishmoqda. Bundan tashqari, tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan Sarbozor, Oqtosh, Guliston, Choshtepa mahallalarida davlat xususiy-sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
– Bu yil pandemiya sababli oldimizga qo‘ygan barcha maqsadlarga erisha olmadik, vazifalarni to‘laqonli bajarishimiz qiyin kechdi, – dedi Payariq tumani hokimi. – Shuning uchun bu yil bolalarni bog‘chaga qamrab olish ko‘rsatkichi o‘tgan yilga nisbatan kam bo‘ldi. Lekin kelgusi yilda bu vazifalarni ikki hissa qilib bajaramiz. Buning uchun aniq reja, dasturlarimiz bor. Lekin muhimi, aholining maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bo‘lgan qarashini o‘zgartirishimiz kerak. Ya’ni, ota-onalar bog‘chaga bolasiga kun davomida qarab o‘tiradigan joy deb emas, unga ta’lim-tarbiya beradigan muassasa, deb qarashi kerak.